Yana urush bo‘ladimi? Ozarbayjon va Armaniston chegarada qo‘shin to‘plamoqda
Olam
−
08 Sentabr 2023
6901Ozarbayjon va Armaniston chegarasida vaziyat nihoyatda keskin. Ayni damda ikkala tomon ham bir-birini chegara yaqiniga qo‘shinlarni joylashtirishda ayblamoqda. Bu haqda ikki davlat rasmiylari bayonot berdi.
Xususan, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston bilan chegara va (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ bilan bo‘luvchi chiziqqa jamlaganini da’vo qilmoqda. U xalqaro hamjamiyatni mintaqada yangi to‘qnashuvning oldini olish uchun choralar ko‘rishga chaqirgan.
“Mintaqamizdagi harbiy-siyosiy vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi. Sababi, Ozarbayjon o‘tgan kunlarda Tog‘li Qorabog‘ bilan to‘qnashuv chizig‘i va Armaniston bilan chegara bo‘ylab qo‘shin to‘plamoqda. Armanlarga qarshi ritorika kuchaydi. Armanistonning suveren hududiga qarshi da’vo siyosati davom etmoqda”, degan Pashinyan hukumat yig‘ilishida.
Armaniston Bosh vaziri BMT Xavfsizlik kengashi va butun xalqaro hamjamiyatni “mintaqada yangi portlash”ning oldini olish uchun jiddiy choralar ko‘rishga chaqirgan.
“Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik va munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyor. Biz Bryussel va Pragadagi kelishuvlarga, shuningdek, uch tomonlama bayonotga asoslangan tinchlik kun tartibiga sodiqligimizni bildiramiz”, degan u.
Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Pashinyanning bu ayblovlariga javob qaytardi.
“Armaniston Bosh vazirining Ozarbayjon go‘yoki mamlakat hududida kuchlarni to‘plashda va harbiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirayotganlikda ayblashi Armanistonning navbatdagi yolg‘on siyosiy hiylasidir. Mintaqada tinchlik va xavfsizlikni o‘rnatish uchun Armaniston tomoni Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’volaridan voz kechishi, harbiy va siyosiy provokatsiyalarga chek qo‘yishi, tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar jarayonini muvaffaqiyatli yakunlash yo‘lidagi to‘siqlarni to‘xtatishi kerak”, deyiladi rasmiy Bakuning bayonotida.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti yordamchisi – Davlat rahbari ma’muriyatining Tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmet Hajiyev esa Ozarbayjon emas, balki Armaniston chegarada o‘z qo‘shinlarini jamlayotgani hamda yangi qurol tizimlari xarid qilayotganini aytib chiqdi.
“Qorabog‘dagi arman harbiylari kazarmani tark etib, oldinga siljish pozitsiyalariga joylashtirildi, bu yuqori jangovar tayyorgarlikdan dalolat beradi”, degan Hojiyev “Reuters” agentligiga bergan intervyusida.
Ayni paytda Ozarbayjon Qurolli kuchlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida oldindan rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
"Bu muntazam rejalashtirish jarayonining bir qismidir", deb tushuntirgan Hojiyev.
Ozarbayjon Prezidentining yordamchisi Bakuning strategiyasi Ozarbayjonga qarshi har qanday harbiy yoki provokatsion harakatlarning oldini olish ekanligini ta’kidlagan.
Qayd etish joizki, Qorabog‘dagi yangi urush butun mintaqa uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bilan birga boshqa tahdid ham mavjud: G‘arb va Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga urinishlar nazariy jihatdan hozirda Rossiya chegaralari yaqinida Amerika harbiy bazalari va ob’ektlarining paydo bo‘lishi xavfini yuzaga keltiryapti.
Bu ham yetmaganday, OAVda Ozarbayjon Armaniston bilan to‘qnash kelsa, shimoli-g‘arbdagi Eron armiyasi qarshi hujum operatsiyasini boshlashga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Siyosatshunos Tofiq Abbosov esa Fransiya, Gretsiya va Hindiston asta-sekin Armaniston-Ozarbayjon mojarosiga “qo‘shilayotgani” va bu bilan vaziyatni keskinlashtirayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi oldingi mojaro 2020 yilda Rossiya vositachiligida hal qilingan. Urush natijasida Qorabog‘ning bir qismi Ozarbayjonga o‘tgan. Shu bilan birga, uch tomonlama tinchlik bitimi imzolanganiga qaramay, mintaqada keskinlik saqlanib qolgan. Har ikki tomon bir-birini chegara hududini o‘qqa tutishda va tinchlik shartlariga rioya qilmaslikda ayblamoqda.
LiveBarchasi