Armanistonning sobiq mudofaa vaziri Moskvada hibsga olindi
Olam
−
30 dekabr 2024
9253Kecha, 29 dekabr kuni Rossiyaning Moskva shahri markazida Armanistonning sobiq mudofaa vaziri Arshak Karapetyan qo‘lga olindi. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Karapetyan kunduzi Tver ko‘chasida qo‘lga olingan. Sobiq vazir Armanistonda tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va hokimiyatdan noto‘g‘ri foydalanish moddalari bo‘yicha qidiruvga berilgan.
Ma’lumot uchun, Arshak Karapetyan 2021 yilda bir necha oy, 3 avgustdan 15 noyabrga qadar Armaniston mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. U, shuningdek, uch yil davomida Bosh vazir Nikol Pashinyanning maslahatchisi, keyin Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan.
2024 yil aprel oyida 57 yoshli sobiq mulozim “Umumarman fronti” partiyasini tashkil etish rejalarini e’lon qildi. Armaniston Adliya vazirligi qonunchilikni buzgani sababli uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 fevral kuni ozarbayjonlik sportchi Armaniston talabi bilan Moskvada hibsga olingan edi.
LiveBarchasi