Yana ikki davlat Ukraina hududlariga da’vo qilishi mumkin
Olam
−
09 mart 2024 34374 2 daqiqa
Ukrainaning ruminlar va vengerlar yashaydigan hududlari respublikadan ajralib chiqish uchun referendum o‘tkazishi mumkin. Bu haqda AQSHning sobiq razvedkachisi Skott Ritter “Dialogue Works“ YouTube kanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ukrainada etnik guruhlar bor. Bunga esa Ruminiya va Vengriyaning ham hududiy da’vosi bor, degani. Bunday holatda referendum o‘tkaziladi, bu esa yerlarning o‘sha davlatlarga qo‘shilishiga sabab bo‘ladi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi haqida bormoqda. Vengerlar va ruminlar Ukraina tarkibida yashashni istamaydilar va bu hududlar Budapesht va Buxarest tomonidan nazorat qilinishini xohlaydilar.
Qolaversa, 5 mart kuni Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Kiyev respublikaning Zakarpate viloyatidagi vengerlarga qo‘ygan talablariga konstruktiv javob bermagani uchun Orbanning Zelenskiy bilan uchrashuvi o‘tkazilmasligini aytgan.
2023 yil yanvar oyida esa Siyyarto Ukrainada Zakarpate vengerlari Ukraina Qurolli kuchlari safiga majburan safarbar etilayotganiga e’tibor qaratgan va ba’zida bu safarbarlik qanchalik shafqatsiz ravishda amalga oshirilayotgani haqida dalillar mavjudligini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, 2001 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina aholisining 0,3 foizini vengerlar va ruminlar tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda avval Ukraina tarkibida bo‘lgan, mamlakatga Rossiya bostirib kirishi ortidan o‘zini Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi deb tanitayotgan bo‘lginchilarning Xerson viloyati va Zaporojening Rossiyaga kirishi bo‘yicha o‘sha yilning 23-27 sentyabr kunlari o‘tkazilgan referendum natijalari e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, to‘rtta hududda ham fuqarolar xayrixohlik bilan Rossiyaga qo‘shilishni yoqlagan.
Live
Barchasi