Yana bir Yevropa davlati Ukrainadan oziq-ovqat import qilishga taqiq qo‘ydi
Olam
−
19 aprel 2023
10145Bolgariya Ukrainadan oziq-ovqat import qilishni vaqtincha taqiqladi. Bu haqda bugun, 19 aprel kuni mamlakat Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Gilib Donevga tayanib, “Radio Bolgariya” xabar berdi.
Gilib Donev bu harakat sababini o‘tgan yil davomida mamlakatda sezilarli miqdorda oziq-ovqat zanjirlarini buzgani bilan izohlagan. Agar tendensiya davom etsa yoki kuchaysa, Bolgariya biznesi uchun oqibatlari nihoyatda og‘ir bo‘lishi mumkin.
“Bolgariya fuqarolarining muammolarini hal qiladigan hukumat sifatida biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Biz bu milliy chorani qabul qilishga majburmiz, chunki mas’ul Yevropa rasmiylari hali ham o‘zgargan holatlarga adekvat munosabatni ko‘rib chiqmoqda”, deydi Bosh vazir.
Shuningdek, Gilib Donev Sofiya Ukraina bilan birdamlikda qolayotganini, lekin bolgar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining bankrot bo‘lishi bunga hissa qo‘shmasligini ta’kidlagan.
Hozirgi bosqichda Ukrainadan oziq-ovqat importiga vaqtinchalik taqiq qancha vaqtgacha amal qilishi haqida ma’lumot yo‘q, biroq hukumat bugun o‘z yig‘ilishida bu yo‘nalishda qaror qabul qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Polsha va Vengriya ham Ukrainadan don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishni taqiqlagandi. Yevropa Ittifoqi esa mazkur harakatlardan norozi bo‘lgan, shuning uchun ushbu hafta ichida YeIga a’zo davlatlarning Bryusseldagi elchilari bu masalani muhokama qilishi aytilgandi.
LiveBarchasi