Yana bir Prezident Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishini bloklamoqchi
Olam
−
19 may 2022
29882Xorvatiya Prezidenti Zoran Milanovich Turkiyadan keyin Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun arizalarini ko‘rib chiqish jarayoniga to‘sqinlik qilish istagini bildirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ayni paytda agentlik Milanovich Bosh vazir Andrey Plenkovich bilan ham shu masala bo‘yicha ham, boshqa qator masalalar bo‘yicha ham “qattiq tortishuv holati”da ekanini ta’kidlaydi.
Milanovich, xususan, Xorvatiya hukumati Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligi masalasini ko‘rib chiqishdan oldin, Bosniya va Gersegovina bilan bog‘liq muammoni hal qilishi kerak, deb hisoblaydi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Zagreb bosniyalik xorvatlarga mamlakat boshqaruvida yuqori lavozimlarni egallashiga ko‘proq imkoniyat berish uchun mamlakatda qonunchilikni o‘zgartirishga majbur qilishi kerak.
Bosniya va Gersegovina federal davlat bo‘lib, unga Bosniya va Gersegovina Federatsiyasi (shuningdek Musulmon-Xorvat federatsiyasi deb ham ataladi) va Serb Respublikasi kiradi. Mamlakat rahbariyati asosiy diniy va etnik guruhlarning uchta vakili - bosniyalik musulmonlar, katolik xorvatlar va pravoslav serblardan iborat prezidium tomonidan ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, NATOga kirish uchun arizag topshirgan Finlyandiya va Shvetsiyani a’zolikka olish jaryonini boshlash Turkiya tomonidan bloklab qo‘yilgandi.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.
LiveBarchasi