NATO Ruminiyaga dron qulashi ortidan favqulodda yig‘ilish chaqiradi

Olam

image

NATO Ruminiya so‘roviga binoan mamlakat hududiga dron kelib tushgani sababli favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.

Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb X ijtimoiy tarmog‘ida “Vaziyat alyans ichida muhokama qilinmoqda”, deb yozdi, biroq boshqa tafsilotlarni oshkor qilmagan.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham X platformasida hodisani qoralagan.

29 may kuni Vilnyusda NATO Parlament assambleyasining bahorgi sessiyasi boshlandi. Shu kuni alyans vazirlarining rejalashtirilgan yig‘ilishi bo‘lmagan.

29 mayga o‘tar kechasi dron Ruminiyaning Galats shahridagi binolardan birining tomiga qulagan va yong‘in chiqqan. Yong‘in keyinchalik o‘chirilgan. Rasmiylar bir necha kishi jarohat olganini ma’lum qilgan, taxminan 70 nafar odam evakuatsiya qilingan. Ruminiya prokuraturasi hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi hodisa sabab Rossiya elchisini chaqirtirgan. Ruminiya Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Radu Mirutse NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan telefon orqali muloqot qilgan. U Buxarest Dobruja hududida qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishni talab qilayotganini aytgan. Bu choralar Ruminiya Mudofaa vazirligi buyurtma qilgan dronlarga qarshi tizimlar yetkazib berilgunga qadar amal qilishi kerakligi ta’kidlangan. Ammo qanday xavfsizlik choralari nazarda tutilgani ochiqlanmagan.

Ruminiya Tashqi ishlar vaziri Oana Soyu esa NATOning 4-moddasi asosida maslahatlashuvlar boshlanishi mumkinligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu modda alyans a’zolaridan biri o‘z hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki xavfsizligiga tahdid mavjud deb hisoblaganda qo‘llanadi va ittifoqchilar o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilishini nazarda tutadi.

Bu NATO tarixida 4-modda qo‘llanayotgan o‘ninchi holat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Prezidenti Gitanas Nauseda va Bosh vazir Inga Ruginene Xavsizlik xizmatining dron hujumlar haqidagi ogohlantirish signalidan so‘ng hukumat a’zolari bilan maxsus bunkerga yashiringandi. O‘sha kuni Estoniya ham o‘z hududiga uchib kelayotgan Rossiyaning Ukrainaga yo‘naltirgan dronini urib tushirgan. Xavfsizlik xizmati mutaxassislarining aytishicha, trevogaga sabab bo‘lgan uchoq Ukrainaning Rossiya tomonga yo‘llagan “izidan chiqib ketgan” droni bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ruminiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing