Yana bir guruh “ko‘cha”larga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
06 avgust
11516Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev va yana 8 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sudlanganlar asosan tovlamachilik, bosqinchilik, zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgan.
Jumladan, Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (ko‘p miqdorda tovlamachilik), 229-moddasi (o‘zboshimchalik) va 276-moddasi 2-qismi “a” bandida (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, qolgan sudlanuvchilarga quyidagicha jazo tayinlangan:
- Umarov Avaz Rahimovich – (1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida (tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda xabar bermaslik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan;
- Umarov Oybek Avaz o‘g‘li – (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
- Abdullayev Ahror Ravshan o‘g‘li – (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
- Umarov Dilmurod Rustamovich – (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan;
- Salimbekov Azamat Avazjonovich – (1988 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
- Ahmedov Shohrux Qayumjon o‘g‘li – (2000 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a” bandi (jismoniy azob bergan holda zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish), 164-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik) va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tattirish belgilangan;
- Erkinov Fozil Iskandar o‘g‘li – (1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
- Tursunov Sarvar Soyibjon o‘g‘li - (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi “a” bandi, 164-moddasi 4-qismi “a” bandi va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘tattirish belgilangan.
Jinoyat ishi doirasida 2 kishi aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 40 yoshli Saidahmadxon Mahmudxo‘jayev o‘tgan yilning dekabr oyida jinoyat olami vakillariga qarshi o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlardan birida qo‘lga olingandi.