Yana bir balo: Ganada xavfli Marburg virusi aniqlandi
Salomatlik
−
18 iyul 2022
12964Afrikaning Gana davlatida kuchli gemorragik isitmani keltirib chiqaruvchi va o‘limga olib keluvchi Marburg virusi bilan kasallangan ikki bemor aniqlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Gana sog‘liqni saqlash xizmati bemorlar yaqinda janubiy Ashanti mintaqasidagi shifoxonada vafot etganini aytgan. Joriy oyning boshida ularning namunalari Ebola virusiga o‘xshash o‘ta yuqumli kasallik uchun ijobiy natija bergan.
Hukumat bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 98 kishini allaqachon qattiq karantinga olgan.
“Gana sog‘liqni saqlash idoralari ehtimoliy epidemiyaga qarshi tezkor choralarni ko‘rmoqda. Bu yaxshi, chunki zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rilmasa, Marburg osongina nazoratdan chiqib ketishi mumkin”, deydi JSSTning Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Matshidiso Moeti.
Marburgning davosi hozircha yo‘q, biroq shifokorlar ko‘p suv ichish va o‘ziga xos simptomlarni davolash bemorning omon qolish imkoniyatini oshirishini aytmoqda. Marburg virusi tana suyuqliklari – qon, najas, ter va tupuk orqali yuqadi. Dastlabki alomatlari bosh og‘rig‘i, isitma, mushak og‘rig‘i, qusish va qon ketish hisoblanadi. Virusga chalingan bemorlar aksariyat holatlarda vafot etadi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Afrikada oldingi epidemiyalar va sporadik holatlar Angola, Kongo Demokratik Respublikasi, Keniya, Janubiy Afrika va Ugandada qayd etilgan. Marburg infeksiyasining birinchi epidemiyasi 1967 yilda Germaniyada aniqlangan, yetti kishi halok bo‘lgan. Umuman olganda, o‘tmishdagi epidemiyalarda o‘lim darajasi virus shtammi va vaziyatni boshqarishga qarab 24 foizdan 88 foizgacha bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 iyul kuni xitoylik epidemiologlar Uxan universitetida bir odam vabo kasalligiga chalingani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan edi.