Yamandan Isroilga uchirilgan ballistik raketa aeroportda portladi (video)
Olam
−
04 may 2025 18439 2 daqiqa
Yamandan Isroilga bugun, 4 may kuni uchirilgan ballistik raketa mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti Ben Gurion aeroporti yaqiniga kelib, portlab ketdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Internetda e’lon qilingan kadrlarda haydovchilar yo‘lda mashinalarini to‘xtatib, yashirinishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchi terminalidan olingan tutun ustuni aks etgan suratlar ham bor. Raketa aeroportni o‘rab turgan panjara yaqiniga qulagani ko‘rinadi.
Mahalliy nashrlarning xabar berishicha, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan, yana ikki kishi boshpanaga ketayotganda jarohatlangan.
Ben Gurion aeroportida parvozlar ma’lum muddatga to‘xtatildi. Zarba aeroportning uchinchi terminaliga kirish yo‘lini shikastlagan.
Isroil televideniyesi Isroil politsiyasining markaziy okrugi boshlig‘i Yair Xetsronining favqulodda xizmatlar va aeroport xodimlari bilan birga paydo bo‘lgan kraterda turgan tasvirini ko‘rsatdi. Uning aytishicha, politsiya Aeroportlar boshqarmasi bilan birgalikda barcha kirish yo‘llarini yopmoqda va jiddiy zarar yo‘q.
Biroq, Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi va Ispaniyaning Air Europa aviakompaniyasi bugun, 4 may kuni Tel-Avivga parvozlarni to‘xtatdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Isroil armiyasi Yaman poytaxti Sano shahridagi aeroportga zarba bergandi. Ushbu hujum chog‘ida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Gebreisus samolyotga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lgan. Hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lgandi.