Yaman qirg‘oqlarida Isroilga tegishli kemaga hujum qilindi 

Olam

image

Yaman qirg‘oqlarida Isroilning Zodiac Maritime kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Central Park tankeri qo‘lga olindi. Bu haqda Ambrey dengiz xavfsizligi kompaniyasiga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Central Park kemasi Adan ko‘rfazida hujumga uchragan. Hozirda tankerni kim olib qochgani haqida ma’lumot yo‘q.

Manbaga ko‘ra, Zodiac Maritime hujumni qaroqchilar amalga oshirganiga shubha qilgan. Operatorning xabar berishicha, kema ekipaji Rossiya, Vetnam, Bolgariya, Hindiston, Gruziya va Filippin fuqarolaridan iborat. Tankerda fosfor kislotasi bor.

Zodiac Maritime tankerini o‘g‘irlab ketilganidan xabar topgan  AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) vaziyatga aralashgan. USS Mason esminetsi noma’lum shaxslar tomonidan hujumga uchragan Central Park kemasining favqulodda chaqiruviga javob qaytargan. Shundan so‘ng besh nafar qurollangan shaxs kemadan tushib, kichik qayiqlarida qochishga harakat qilgan. 

“USS Mason hujumchilarni ta’qib qildi, natijada ular o‘zlarini topshirishdi. Central Park ekipaji xavfsiz”, deyiladi CENTCOM bayonotda.

CENTCOM’ning ta’kidlashicha, hodisa paytida kemalarning hech biri zarar ko‘rmagan. Shuningdek, Central Park tankerining 22 ekipaj a’zosidan ham hech kim jabrlanmagan.

"Dengiz xavfsizligi mintaqaviy barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega. Biz ittifoqchilar va hamkorlar bilan xalqaro yuk tashish yo‘llari xavfsizligini ta’minlash uchun ishlashda davom etamiz", deydi CENTCOM rahbari Maykl Kurill.

Eslatib o‘tamiz, 19 noyabr kuni Eronga aloqador deb ko‘riladigan Yamandagi husiylar Qizil dengizda Isroil kemalariga hujum qilish bilan tahdid qilgandi. Keyinroq ular Adan ko‘rfazi suvlarida bortida 22 ekipaj a’zosi bo‘lgan “Galaxy Leader” yuk kemasini egallab olgandi. Keyinchalik, Hind okeanida isroillik milliarderga tegishli konteyner kemasiga Eronning uchuvchisiz samolyoti hujum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Central Park kema Isroil Yaman USS Mason

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing