“Yalang‘ochlar bazmi” tashkilotchisi armiyani obro‘sizlantirgani uchun jarima to‘laydigan bo‘ldi
Olam
−
25 aprel
18044Rossiyaning Tver shahri sudi "yalang‘ochlar ziyofati" uyushtirgani bilan tanilgan bloger Nastya Ivleyevani 50 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Moskva sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ivleyeva mamlakat armiyasini obro‘sizlantirishda ayblangan. Ushbu jarima obro‘sizlantirish moddasi (RF Ma’muriy kodeksining 20.3.3-moddasi 1-qismi) bo‘yicha qo‘llanilgan eng qattiq jazo hisoblanadi.
"Bunga blogerning Instagram’idagi Ukrainadagi harbiy amaliyotga salbiy munosabat bildirgan postlar sabab bo‘lgan. Uning advokati Kaloy Axilgov mijozi o‘z aybini tan olmasligini ma’lum qilgan", deb yozgan mahalliy nashrlar.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 16 aprel kuni Tver sudi Ivleyevaning armiyani obro‘sizlantirgani haqidagi arizani ro‘yxatdan o‘tkazgan. "Shot" Telegram-kanali bunga Ivleyevaning 2022 yil 24 fevral va 1 martdagi postlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Ushbu postlarida bloger harbiy amaliyotga qarshi chiqqan.
"Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan "yalang‘och ziyofat" dan so‘ng, Ivleyeva yozuvlarini yashirdi, biroq bir necha kundan keyin ularni yana tasmaga qaytardi", deyiladi xabarda.