Yaqin Sharq osmoni yopildi. Aeroportlarda o‘n minglab sayyohlar qolib ketdi

Olam

image

Yaqin Sharq bo‘ylab davom etayotgan harbiy harakatlar tufayli bugun, 1 mart kuni ham aeroportlar yopiqligicha qoldi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi. 

Isroil, Qatar, Suriya, Eron, Iroq, Quvayt, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari o‘z havo hududini yopgan. Emirates Airlines aviakompaniyasi Dubayga va undan qaytadigan barcha reyslarni kamida 1 mart kuni tushgacha to‘xtatgan. Qatar Airways ma’lumotlariga ko‘ra, Qatar aeroporti kamida 2 mart tongigacha yopiq bo‘ladi. Eron va Isroil ham o‘z havo hududlarini yopgan.

Bu Yaqin Sharqdagi asosiy havo tugunlari – Dubay, Abu-Dabi va Doha aeroportlarining yopilishiga olib kelgan. Mintaqaviy aviakompaniyalar 1800 dan ortiq reysni bekor qilgan.

Cirium aviatsiya tahliliy kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu aeroportlarda faoliyat yurituvchi uchta yirik aviakompaniya – Emirates, Qatar Airways va Etihad odatda kuniga 90 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Aeroportlarda esa o‘n minglab sayyohlar qolib ketgan

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronning harbiy ob’ektlariga qator zarbalar berish orqali unga qarshi urush boshladi. Eron bunga javoban Isroilga va AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga hujum qildi. Eron zarbalari ostida bir nechta aeroportlar, jumladan, Dubay aeroporti ham qolgan. Buning ortidan Birlashgan Arab Amirliklari, xususan Dubay shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan xavfsizlik talablariga rioya qilish so‘raldi.

AQSH–Isroil–Eron urushi

Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.

Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.

Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.

Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.

Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.

Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaqin Sharq harbiy harakatlar AQSh–Isroil–Eron urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing