Yaqin Sharqdagi urush Rossiyaga ta’sir qilmaydi – general

Olam

image

Bundesver general-mayori Kristian Froyding garchi Moskva va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar, jumladan, harbiy munosabatlarga qaramay, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush Rossiyaning Ukrainadagi urushiga ta’sir qilmasligini aytdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Froydingga ko‘ra, Kreml urushning dastlabki yillarida Erondan dronlar bo‘yicha juda kuchli qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, hozir Rossiyaning o‘zi bunday dronlarni ishlab chiqaradi, ularni takomillashtirdi va hatto ishlab chiqarishni ham oshirdi. Shunday qilib, Rossiya uchuvchisiz samolyotlarni yetkazib berishda endi Eron yordamiga bog‘liq emas.

“Bir necha oy oldin Eron Rossiyani ballistik raketalarning kichik partiyasi bilan qo‘llab-quvvatlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, biroq ular haligacha Ukrainadagi urushda qo‘llanmagan, shu sababli Eronning harbiy amaliyotlar jarayoniga ta’siri ham sezilmaydi”, deydi general.

Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy darajada yaqinda imzolangan Rossiya va Eron o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada harbiy yordam bo‘yicha hech qanday majburiyat yo‘q, shuning uchun ham ikki urush o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud emas. Yaqin Sharqdagi keskinlashuv tufayli Rossiya neft narxining ehtimoliy oshishidan qo‘shimcha daromad oladimi yoki yo‘qligini ham oldindan aytib bo‘lmaydi.

“Yakuniy xulosalar chiqarishga hali erta”, deb hisoblaydi u.

Froyding Germaniya Mudofaa vazirligining Ukrainadagi vaziyat markaziga rahbarlik qiladi, u Rossiya o‘z qo‘shnisiga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan ko‘p o‘tmay tashkil etilgan. Birlik Germaniyaning Ukrainaga harbiy yordamini muvofiqlashtirib boradi, bu AQSHdan keyingi eng yirik yordamdir.


Maqola muallifi

Teglar

Yaqin Sharq Tehron Froyding Bundesver

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing