Yaqin Sharqdagi urush energiya bozoriga zarba berdi: eng katta xavf Osiyoga
Olam
−
06 mart 10050 2 daqiqa
Fors ko‘rfazi atrofidagi keskinlik neft va suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) tashuvlarini izdan chiqarib, jahon energiya bozorini larzaga solmoqda. Energiya importga kuchli bog‘langan Osiyo davlatlari bu vaziyatdan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon nefti va LNG savdosining qariyb beshdan bir qismi o‘tadi. 2024 yilda bu yo‘l orqali tashilgan LNG’ning 80 foizdan ortig‘i Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan. Mutaxassislar fikricha, hozirgi inqiroz gaz bozoriga neftga nisbatan kuchliroq ta’sir qilmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz narxi taxminan 50 foizgacha ko‘tarilgan.
Energiya narxining oshishi eng avvalo Xitoy va Hindiston iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirishi mumkin. Pekin dunyodagi eng yirik neft importchisi, Dehli esa uchinchi o‘rinda turadi.
Sharqiy Osiyo mamlakatlari ham importga qattiq bog‘langan. Yaponiya neft ehtiyojining qariyb 95 foizini xorijdan oladi. Janubiy Koreya neftning taxminan 70 foizini va LNG’ning 20 foizini Yaqin Sharqdan import qiladi. Janubi-Sharqiy Osiyoda esa spot bozor orqali LNG xarid qiladigan davlatlar narx tebranishlariga yanada sezgir. Ta’minot qisqarganda bunday mamlakatlar gaz yuklari uchun boy davlatlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, energiya narxlarining keskin o‘sishi inflyatsiyani kuchaytirib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkin. Fors ko‘rfazidagi keskinlik uzoq davom etsa, global iqtisodiy xavflar ham ortishi ehtimoldan xoli emas.
Live
Barchasi