“Yabloko” o‘yindan chiqarildi
Tahlil
−
19:50 1246 8 daqiqa
Tinchlik va erkinlik uchun! Qo‘rquvsiz hayot uchun!
Shu yilning sentyabr oyida uzoq kutilgan Rossiya Davlat Dumasiga saylov o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 18–20 sentyabr kunlari mamlakat aholisi parlamentning yangi tarkibini belgilashi kerak. Biroq saylovlar hali boshlanmasidan Putin ma’muriyati alternativ xavflarni saylovdan yo‘qotish payiga tushgan. Shunchaki shiorini tinchlikka qaratgan “Yabloko” partiyasi ham bugun turli-tuman bahonalar bilan saylovdan chetlashtirildi.
Qizig‘i shundaki, avvalroq partiya Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib esa Oliy sud uning saylovdagi ishtirokini bekor qildi. Bunga esa mualliflik huquqidan tortib, “ekstremizm” va xorijdan moliyalashtirishgacha bo‘lgan bir qator da’volar sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Asl sabab esa aholining “olmachilar” atrofida jipslashishiga yo‘l qo‘ymaslik ko‘rinadi. Ushbu maqolada “tinchlik” so‘zidan cho‘chib qolgan rus hukumati va mualliflik huquqlarini buzgan “Yabloko” partiyasi haqida gaplashamiz.
Saylov va “Yabloko”
2024 yil 15–17 mart kunlari Rossiya prezidentligi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda Vladimir Putin tarixiy rekord qayd etib, 87,28 foiz ovoz bilan mutlaq g‘alaba qozongan edi. Bir qarashda ikki yil oldin Ukrainaga qarshi urush boshlagan prezident uchun qoyilmaqom ko‘rsatkich, to‘g‘rimi? Ammo saylov o‘tkazildi degani, davlat demokratik degani emas. Prezidentlik saylovi ham xalqaro maydonda keskin tanqid qilingan. Yevropa va boshqa xalqaro tashkilotlar siyosiy raqobatning cheklangani, muxolifat vakillarining ta’qib qilinishi va saylov jarayonining erkinligi borasida jiddiy savollarni ko‘targan. Har holda sun’iy yaratilgan muxolifat hech qachon natijalarga ta’sir qilmaydi.

Bu yilgi Davlat Dumasi uchun o‘tkazilayotgan saylov ham mana shunday “kutilmagan natijalarga boy” o‘tishi kutilmoqda. Negaki allaqachon Putinning “Yedinaya Rossiya” (“Yagona Rossiya”) partiyasiga qisman raqobat qila olishi mumkin bo‘lgan “Yabloko” partiyasi allaqachon turli vajlar bilan o‘yindan chiqarildi.
Qizig‘i, “Yabloko” Rossiya siyosatiga kecha kirib kelgan partiya emas. Postsovet davrining eski liberal-demokratik partiyalaridan biri bo‘lgan “Yabloko” uzoq yillardan beri siyosiy plyuralizm, inson huquqlari va demokratik islohotlarni yoqlab keladi. Shunga qaramay, bundan oldingi Davlat Dumasi uchun o‘tgan saylovlarda partiya yuqori ko‘rsatkich qayd eta olmagan, o‘tgan 2021 yilgi saylovda ham federal ro‘yxat bo‘yicha 1,34 foiz ovoz to‘plagan edi.
Ammo 2026 yilgi saylov kampaniyasida asosiy urg‘u tinchlik o‘rnatish masalasiga qaratilishi partiyaning boshiga balo bo‘ldi. Tobora urushni boy berayotgan rus hukumati yangi shiorlardan qo‘rqib ketdi. “Tinchlik va erkinlik uchun! Qo‘rquvsiz hayot uchun!”
Partiyaning bu yilgi saylovoldi dasturi atigi 43 so‘zdan iborat. Unda Ukrainadagi urushni yakunlash uchun o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv, diplomatiya va tinchlikka erishish zarurligi ilgari surilgan. Ya’ni “Yabloko” saylovchilarga iqtisodiy va’dalardan iborat uzundan-uzun dastur emas, avvalo urushni to‘xtatishga qaratilgan siyosiy yo‘lni taklif qilgandi. Bu esa so‘nggi vaqtlardagi Ukrainaning mamlakat ichkarisiga yo‘naltirgan dron hujumlaridan toqati to‘lgan aholi uchun nihoyatda muhim edi.
Partiya qisqa fursatda urushga qarshi harakatning ramziga aylandi. Rossiya fuqarolari ochiq-oydin Ukrainadagi urushga qarshi chiqa olishmas edi. Chunki, buning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini bir necha bor guvohi bo‘lishgan. “Yabloko” esa aholining urushga qarshi kayfiyatini namoyish etish uchun yaxshi imkoniyat edi. Ammo Kreml har qanday xavfga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda.

Markaziy saylov komissiyasi 29 iyul kuni “Yabloko” ro‘yxatini saylovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan edi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Kremlga yaqin millatchi “Rodina” partiyasi sudga murojaat qilib, “Yabloko”ni saylovdan chetlatishni talab qildi. Da’volar orasida xorijdan yashirin moliyalashtirish, taqiqlangan tarmoqlardagi faoliyat, “ekstremizm” va mualliflik huquqining buzilishi kabi ayblovlar bor edi.
Bahonalar va sabablar
“Yabloko”ni saylovdan chetlatish uchun keltirilgan vajlar ro‘yxatiga qaralsa, sun’iy intellekt suratlaridan tortib, ekstremizmgacha topish mumkin. Partiyaga qarshi da’voni Rossiya parlamentidagi millatchi “Rodina” partiyasi ilgari surdi. Da’volar orasida mualliflik huquqini buzish, saylovoldi tashviqoti qoidalarini buzish, xorijdan moliyalashtirish va hatto ekstremizm hamda Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga undash kabi ayblovlar bor edi. 10 avgust kuni Rossiya Oliy sudi “Yabloko”ni Davlat Dumasi saylovidan chetlatish to‘g‘risida qaror chiqardi. Qaror hali qonuniy kuchga kirmagan, partiya esa unga qarshi apellyatsiya shikoyati berishini bildirgan.
“Rodina”ning da’vosida “Yabloko”ning saylov kampaniyasida ChatGPT yordamida yaratilgan tasvirlardan foydalangani ham mualliflik huquqi buzilishi sifatida ko‘rsatilgan. Da’vogar tomon bunday tasvirlardan foydalanish neyrotarmoq egasi — OpenAI kompaniyasining huquqlarini buzganini ta’kidlagan. Agar sudda ko‘tarilgan da’volarga ishonadigan bo‘lsak, ChatGPT orqali surat yaratgan hamma mualliflik huquqlarini buzgan hisoblanishi kerak.
Ammo OpenAI’ning amaldagi foydalanish shartlarida ham kompaniya bilan foydalanuvchi o‘rtasidagi munosabatlarda, qonun ruxsat bergan darajada, foydalanuvchi ChatGPT yaratgan kontentga egalik qilishi qayd etilgan. OpenAI o‘zining media mahsulotidagi mavjud huquqlarini foydalanuvchiga beradi. Shu bilan birga, kompaniya sun’iy intellekt yaratgan natija mutlaqo noyob bo‘lishiga kafolat bermaydi va undan foydalanish uchun javobgarlik foydalanuvchining zimmasida ekanini ham belgilaydi.
Ya’ni OpenAI’ning o‘z hujjatlarida “ChatGPT yaratgan tasvirlarning barchasiga OpenAI mualliflik huquqiga ega” degan qoida yo‘q. Aksincha, amaldagi shartlarda Output’ga (kompyuterda tayyorlangan ma’lumot) egalik masalasi foydalanuvchi foydasiga belgilangan.
Shu sababli, “Yabloko”ga qarshi ishda ChatGPT tasvirlari bo‘yicha ilgari surilgan da’vo mutlaqo asossiz. Qolaversa, suddagi materiallarda OpenAI kompaniyasining o‘zi ushbu tasvirlar yuzasidan “Yabloko”ga qarshi mualliflik huquqi da’vosi bilan chiqqanini ko‘rsatuvchi dalil taqdim etilmagani ham qayd etilgan.Mualliflik huquqi bilan bog‘liq yana bir vaj – 1945 yilgi Xirosima atom bombasi hujumidan keyingi holat aks etgan tarixiy surat.
“Rodina” bu suratdan foydalanishni AQSH armiyasining mualliflik huquqlarini buzish deb baholagan. Biroq ish materiallari bo‘yicha xabar bergan “The Insider” nashri da’vogar tomon suratning huquq egasi tomonidan berilgan biror shikoyatni ko‘rsatuvchi dalil taqdim etmaganini yozmoqda.
Bundan tashqari, “Yabloko” logotipi ham ishga qo‘shib yuborildi. “Rodina” partiya logotipini sovet rassomi El Lisitskiyning 1920 yildagi “Qizil ponani oq ranglilarga ur” plakatidan ko‘chirilgan, deb da’vo qildi. Biroq sudda Markaziy saylov komissiyasi bu fikrga qo‘shilmagan.
“Yabloko”ga qo‘yilgan mualliflik huquqi bo‘yicha da’volar shu bilan tugab qolgani yo‘q. Tashviqot ishlarida sovet qo‘shiqlaridan “Pust vsegda budet solnse” (“Quyosh doim porlasin”) va “Lish bi ne bilo voyni” (“Faqat urush bo‘lmasa edi”) kabi iboralardan foydalanilgani bilan bog‘liq da’volar ham bor edi. “Rodina” buni qo‘shiq mualliflarining huquqlarini buzish deb ko‘rsatdi.

Lekin birinchi qo‘shiq bo‘yicha vaziyat da’voning o‘zidan ham qiziqroq chiqdi. “Pust vsegda budet solnse” qo‘shig‘ining musiqasini Arkadiy Ostrovskiy, so‘zlarini esa Lev Oshanin yozgan. Ostrovskiyning o‘g‘li Mixail Ostrovskiy esa “Yabloko”ning qo‘shiqdan foydalanishiga qarshi emasligini, aksincha, bunga ruxsat berishini bildirgan. Ya’ni da’voда mualliflik huquqi buzilgani aytilayotgan bir paytda, muallifning oila a’zosi partiyaning undan foydalanishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Sizga bir savol bilan yuzlansam. Urushni to‘xtatishga urinish – ekstremizmmi?
“Rodina” partiyasi “Yabloko”ning Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash haqidagi pozitsiyasini Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzishga undash va ekstremizm bilan bog‘ladi. Da’vogar tomonning suddagi mantig‘iga ko‘ra, Rossiya o‘ziniki deb hisoblaydigan hududlarni “ozod qilish”dan voz kechishga chaqirish mamlakat yaxlitligiga xavf solish hisoblanadi.
Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi ayrim nomzodlarda xorijiy moliyalashtirishga oid ma’lumotlar borligini ma’lum qildi. Partiya esa buni nomzodlarning xorijiy qimmatli qog‘ozlarini saylov oldidan sotishi kerakligi haqidagi talablar bilan izohladi. “Yabloko”, shuningdek, Rossiya fuqarolaridan xayriya olganini, bu fuqarolarning o‘zlari esa xorijdan pul olgan bo‘lishi mumkinligini tan oldi, biroq buni partiyaning xorijiy moliyalashtirilishi bilan tenglashtirishga qarshi chiqdi.
Da’voda saylovoldi tashviqoti qoidalarining buzilgani ham ko‘rsatildi. Xususan, “Yabloko”ning Rossiyada bloklangan ijtimoiy tarmoqlardagi saylovoldi materiallari ham da’vogar tomon tomonidan qonunbuzarlik sifatida talqin qilindi.

Partiya rahbari Nikolay Ribakov sudda barcha ayblovlarni inkor qildi va “Rodina” aslida partiyaning amaldagi hokimiyat kursidan farq qiladigan siyosiy pozitsiyasi va saylovoldi dasturini ayb sifatida ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Turli partiyalar bir xil jamoatchilik fikrini shakllantira olmaydi. Fuqarolarning fikrlari har xil va turli partiyalar ushbu fikrlarni ifodalashi kerak. … Da’vogar vakillariga o‘ldirilishni xohlamaydigan odamlar bizni qo‘llab-quvvatlayotganini qanday tushuntirishni ham bilmayman”, dedi u.
Ribakov hatto o‘z pozitsiyasini Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tinchlik muzokaralari zarurligi haqidagi so‘zlari bilan taqqosladi. Uning ta’kidlashicha, agar prezident ham, “Yabloko” ham muzokaralar zarurligini aytayotgan bo‘lsa, unda partiyaning aynan shu pozitsiyasini “ekstremizm” deb atash noo‘rin.
Qisqasi, “Rodina” partiyasi ortida turgan rus hukumati bugun har qanday yo‘l bilan aholining urushni to‘xtatish mafkurasi ostida birlashishini istamaydi. “Yabloko” esa bu “qizil chiziqni bosib o‘tdi”. Endi partiyani ham ortga chekinish niyati yo‘q. Ribakov sud qarorini apellyatsiyaga berishini va saylovga bu mashmashalarni bartaraf etishini ma’lum qilgan. Aholi ham “olmachilar”ni qo‘llamoqda.
Xo‘sh, endi Moskva nima qiladi?
Live
Barchasi