“X kun” ssenariysi. Birinchi ma’muriyat davrida mamlakatni tark etgan tadbirkor hikoyasi
Biznes
−
20:03 2840 7 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 avgust kuni mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan navbatdagi ochiq muloqotida ko‘p yillik tajribaga ega chempion tadbirkorlarga biznes muhitida oxirgi yillarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar, 10 yil avvalgi muhit, tadbirkorlarga nisbatan munosabat va “maska shou”lar haqida kitob yozishni tavsiya qilgandi.
Yig‘ilishdan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotgan “Ilyasov” klasteri asoschisi Faxriddin Ilyosov o‘zining Telegram-kanalida bundan 14 yil avval boshidan kechgan hodisalar, qamalishi bilan bog‘liq xavflar, mamlakatdan bosh olib ketgani haqidagi xotiralarini yozdi.
“2012–2013 yillar. Bir kuni uyda o‘tirganimda do‘stimiz Ulug‘bek akaning ukasi kelib, akasidan salom yetkazdi. O‘sha paytda Ulug‘bek aka qamoqda edi. Sud jarayoni haqida gapirib berdi. Qo‘yilgan ayblovlarning aksariyati sudda o‘z tasdig‘ini topmagan, faqat tekshiruv natijasida hisoblangan zarar qolgan ekan. Agar o‘sha zarar qoplansa, Ulug‘bek aka sud zalidan ozod qilinishi mumkinligini aytdi. Buning uchun o‘sha kuni 76 million so‘m to‘lash kerak edi.
Bir do‘stimiz orqali pulni hisob raqamiga tushirdik. Aytilganidek, ertasi kuni Ulug‘bek aka sud zalidan ozod bo‘ldi. O‘sha davr uchun bu kamdan-kam uchraydigan voqea edi. Oradan ko‘p o‘tmay, bir tanishim qo‘ng‘iroq qildi:
– “Kurator”ga telefon qilar ekansiz, deb raqam berdi.
Uning borligini ham, kimligini ham bilardim. Lekin hech qachon gaplashmagan edim. O‘sha paytlarda, hatto yuzini ko‘rmagan bo‘lsak ham, qaysi sohaning “kurator”i kimligini deyarli hamma bilardi.
Telefon qildim.
– Yangi olgan do‘koningni oldidaman, kel, dedi.
Bu gapning o‘zi bilan u menga yangi olgan do‘konim qayerdaligini bilishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bordim.
– Siz ko‘p noqonuniy ishlar qilyapsiz. Mashinalaringizni sotib ham qutula olmaysiz, dedi.
Men yaxshi mashina minishni yoqtirardim. U esa mashinalarimning markalarigacha aytib berdi.
– Orqa-oldingizga qarab ish qiling, deb, aslida unchalik ahamiyatli bo‘lmagan bir masalani vaj qildi.
Suhbat shu bilan tugadi.
Lekin o‘sha davrni bilgan odam bunday suhbatning ta’sirini yaxshi tushunadi. “MXX chaqiryapti” degan xabarning o‘zi odamni uydagilari bilan xayrlashib chiqishga majbur qiladigan zamonlar edi.
Shundan keyin turli odamlardan:
“Kurator” seni qamayman debdi, degan gaplar kela boshladi.
Nima uchun menga bunday o‘chakishib qolganini, nima sababdan meni dushman deb qabul qilganini tushunmasdim. Har kuni xotinimga bir xil narsani tushuntirardim:
– Agar qamalsam, qayerda qancha pul borligini bilasan. Shu pulni men chiqquncha yetkazishga harakat qil. Hech kimning oldiga borib, men uchun rahm so‘rama. Ojizligingdan biror tergovchi yoki xodim foydalanmasin. Bolalarni tarbiya qilib, meni kut. Hech kim bilan ortiqcha ko‘rishma, hech kimga ortiqcha gapirma.
Biz oilamiz bilan “X kun” uchun tayyor ssenariyga ega edik”.
Faxriddin Ilyosov o‘z xotiralarini bitishda davom etarkan, tasavvuridagi yomon kun yetib kelgani, uni oldindan ogohlantirishganini yozgan.
“Bir kuni Toshkentda edim. Kechasi soat 23:00 larda telefon jiringladi. Qo‘ng‘iroq qilgan odamni tanirdim. Xodimlardan biri edi, sinfdoshimning kursdoshi bo‘lgani uchun bizning oshlarga ham kelib turardi.
Ovozimni tanigan bo‘lsangiz, ismimni aytmang, dedi.
So‘ng:
– Toshkentda ekansiz?
– Ha.
– Toshkentda ishlaringiz ko‘p bo‘lsa kerak. Ishlaringizni qilib turing…
– Xo‘p. Tushundim.
Bir-ikki soat Toshkent ko‘chalarida mashina haydab yurdim. Ko‘p o‘yladim. Ma’nan qamalishga tayyor edim. Lekin nima uchun qamalishimni tushunmasdim. Aslida, o‘sha vaqtda sabab bo‘lishi shart ham emasdi.
“Qochib yuramanmi?” – dedim-da, Farg‘onaga yo‘l oldim. Ertalabga yaqin uyga kirib keldim. Yotib uxladim. Tush payti uyg‘onsam, telefonda juda ko‘p o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar bor. Yana kechagi raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Farg‘onaga kelibsiz?
– Ha.
– Bekor kelibsiz. Toshkentda ishlaringiz ko‘p edi, shularni bitirib tursangiz bo‘lardi…
Bu safar gapning ma’nosini yanada aniqroq tushundim. Kechasi boshqacha o‘ylagan odam ertalab boshqacha fikrlar ekan. “Bu gapning ham bir xayri bordir”, – dedim.
Xotinimga:
O‘sha “X kun” keldi. Kelishgan ssenariyimiz bo‘yicha ish tutasan, dedim.
Kiyimlarimni mashinaga solib, Toshkent tomon yo‘lga chiqdim. Juda ko‘p odamlar qo‘ng‘iroq qildi. Hech kimning telefoniga javob bermadim.
Farg‘onadan taxminan 15 kilometr uzoqlashganimda yana o‘sha raqam qo‘ng‘iroq qildi:
– Chet elda ham ishlaringiz bo‘lsa kerak…
– Tushundim, dedim.
Toshkentga yetib borib, bir akamiz bilan uchrashdim. Uning qarindoshlaridan biri MXXda rahbarlardan edi. Vaziyatni tushuntirdim va imkoni boricha yordam berishini so‘radim. Qozog‘istonda yashaydigan do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim. U “G‘ishtko‘prik” postida kutib olishini aytdi. Mashinamni Toshkentda qoldirib, do‘stim bilan Qozog‘istonning Taraz shahriga ketdim.
Uydagilar bilan WhatsApp orqali yozishib turdim. Xotinim o‘sha kuni uyga formali odamlar kelganini aytdi. Meni qidirishgan. Qayerdaligimni so‘rashgan. Qo‘llarida meni qamash kerakligi haqida qandaydir qog‘ozlar borligini aytishgan. Jahl bilan baqirib, to‘polon qilib ketishgan.
Keyin bilishimcha, o‘sha kuni valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha maxsus tadbir o‘tkazib, meni ushlamoqchi bo‘lishgan ekan. O‘sha vaqtda Rossiyadan gaz hisoblagichlar olib kelib sotardim. Konvertatsiya imkoniyati amalda yo‘qligi sababli tovarni naqd dollarga sotardik. Men bo‘lmaganim uchun ruxsat olingan tadbir amalga oshmay qolgan va kimlardir, hatto hayfsan ham olgan ekan.
Tarazda do‘stimning uyida uch kun qoldim. Uch kun – uch yildek o‘tdi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Uchinchi kuni kechqurun Toshkentdagi akamiz qo‘ng‘iroq qildi:
– Hammasi yaxshi. Qaytaver. Muammo bo‘lmaydi. Qolganini Toshkentda gaplashamiz.
Do‘stim bilan chegara tomon yo‘l oldik. Chegara nazoratidan o‘tayotganda qattiq xavotirda edim.
“Atay chaqirtirishgan bo‘lsa-chi?” Ichimga g‘ulg‘ula tushgan.
Pasportimni berdim. Xodim hech qanday muammosiz muhrni bosdi va pasportni qaytardi.
Chegaradan chiqishim bilan oq ko‘ylak, qora shim kiygan ikki kishi chetga tortdi:
– Bir daqiqaga mumkinmi? deb chaqirdi.
Yuragim tushib ketdi. Mana, o‘sha soniya. Qo‘lga tushdim… Butun hayotim bir zumda ko‘z oldimdan o‘tgandek bo‘ldi. Ularning oldiga bordim.
– Statistika yurityapmiz. Qozog‘istonning qaysi shahriga bordingiz? deb so‘radi.
Gapini eshitib portlab ketay dedim. So‘kinishni ham, xursand bo‘lishni ham bilmay qoldim.
Chegaradan o‘tgach, masalani hal qilishga yordam bergan akamizning oldiga bordim.
U menga bir odamning telefonini berdi:
– Borib uchrashasan.
Uchrashdim. U odam:
– Biz sizning hujjatlaringizni – “delo”ngizni – Toshkentga so‘rab oldik. Endi qaytib sizni bezovta qilishmaydi. Borib ishingizni qilavering, dedi.
Ishim Farg‘onadan Toshkentga ko‘chganidan xafa bo‘lishni ham, xursand bo‘lishni ham bilmasdim.
Shundan keyin uyga bordim. Oilamni olib avval Toshkentga, keyin esa Ufaga ko‘chib ketdim. Ufada uy qurdim. O‘sha yerda ham tadbirkorlik qildim. O‘zbekistonga qaytib kelishni xayolimga ham keltirmas edim.
Yillar o‘tib, asl sababni bildim. Ulug‘bek akani qamoqdan chiqarishda yordam berganimiz uchun menga o‘chakishib qolishgan ekan. Ya’ni, meni kimgadir qarshi chiqqan odam sifatida qabul qilishgan.
Sun’iy ravishda o‘zlariga dushman yasab, keyin o‘sha “dushman” bilan kurasha boshlashgan.
Ajoyib zamonlar bo‘lgan, qarang… Bugun esa…
2016 yildan keyin ham o‘zgarishlarga skeptik qarardim. 2018 yilda boshlangan islohotlarga ishonib, O‘zbekistonga qaytib keldik.
Prezidentimiz kitob yozinglar degandan keyin, hammasini eslab, xuddi yomon tush ko‘rgandek bo‘ldim. Axir hech narsa o‘zgarmasligi ham mumkin edi. Ammo Prezidentimiz vaziyatni o‘zgartirish uchun o‘zida iroda va shijoat topdi. Bir vaqtlar berkinib, ertangi kunidan xavotirda yashagan tadbirkorlar bugun davraning to‘rida. Ular Prezident bilan ochiq muloqot qilyapti, muammolarini aytib, takliflarini bildiryapti.
O‘sha yillarda bu haqda hatto orzu qilish ham qiyin edi. Bugun esa tadbirkorlarning alohida bayram kuni bor. O‘tgan davrdan chiqargan saboqlarimiz va bugungi imkoniyatlar uchun Prezidentimizga tashakkur aytaman.
“Qiyinchiliklar bo‘ladi. Muammolar ham tugamaydi. Lekin eng muhimi – harakat qilish imkoniyati bor. To‘xtamanglar!”
Live
Barchasi