Kreditni qaytarish muddati dehqonlar va tadbirkorlar sharoitiga moslashtiriladi
Jamiyat
−
13:35 665 2 daqiqa
O‘zbekistonda kreditlarni qaytarish muddatlari dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtiriladi. Bu haqda bugun, 3 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqidiy baholangan.
Ularning aksariyati kimga kredit kerakligi, qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmasligi qayd etilgan.
Bankirlar va hokim yordamchilari loyiha tayyorlashdan oldin hamon “Garovi bormi?” degan savolni qo‘yayotgani tanqid qilingan.
Tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, kreditni qaytarish grafiklari esa biznes turiga moslashtirilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish zarurligi ta’kidlangan.
Yig‘ilishda oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, mablag‘ni qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qiladi.
Bundan tashqari, inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi.
Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 milliard so‘m resurs mavjud.
Tuman shtablariga mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib, moliyalashtirish masalalarini mustaqil hal etish imkoniyati beriladi.
Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.
Live
Barchasi