Tadbirkorlar diqqatiga! Ayrim imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytiriladi
Jamiyat
−
21:19 665 2 daqiqa
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim imtiyozlarning amal qilish muddatlari uzaytiriladi. Bu haqda Prezident kecha, 27 avgust kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, quyidagi imtiyozlarning amal qilish muddatlari uzaytiriladi:
- uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurishga subsidiyalar berish muddati 2029 yil 1 yanvarga qadar;
- mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarining mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qo‘llash muddati 2030 yil 1 yanvarga qadar;
- turizm sohasi sub’ektlari uchun import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan ozod etish muddati 2028 yil 1 yanvarga qadar.
2027 yil 1 yanvardan:
- O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlariga QQSning nol stavkasi qo‘llanadi;
- yulduzli mehmonxonaga subsidiya olish uchun uning toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyalar xulosasi talab etilmaydi.
Shuningdek, mazkur Farmon bilan qiymati BHMning 400 baravaridan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Ilgari mazkur miqdor 25 million so‘m deb belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etilishi va joriy yil 31 dekabrgacha kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Bundan tashqari, joriy yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha oldindan to‘lov 15 foizga tushiriladi.
Live
Barchasi