Pedagoglarga 100 mln so‘mgacha mukofot va yangi imtiyozlar beriladi (video)

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda pedagoglarga 100 mln so‘mgacha mukofot va yangi imtiyozlar beriladi. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun rag‘batning yangi tizimi joriy etiladi. Milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Yana 1 ming o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi. 

Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi. 

Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa oladi. Prezident ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchiga munosib rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan bolalar kompyuter oladi. Ularning ustozlariga tuman bosqichi uchun 10 million, viloyat uchun 50 million, respublika uchun 100 million so‘m mukofot beriladi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing