WP: Markaziy Osiyo Rossiyadan o‘rnak olib, ijtimoiy tarmoqlarni “bo‘g‘moqchi”

Olam

image

Markaziy Osiyo yetakchilari Rossiya ssenariysi bo‘yicha harakat qilib, ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar bermoqda. 

“O‘tgan hafta O‘zbekiston aholisi taxminan bir soat davomida ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotning “ta’mini his qildi”. Mahalliy ma’lumotlarni saqlashni talab qiluvchi yangi qonun tufayli Telegram, Facebook, Instagram, YouTube va boshqalar bloklandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bundan juda norozi bo‘ldi va hukumat tezda orqaga chekindi. Tez orada ijtimoiy tarmoqlarga kirish tiklandi”, deb yozadi “The Washington Post”.

Nashrning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari Moskva singari, senzurani kuchaytirayotgani sababli jamoatchilikning noroziligidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur.

Rossiya muntazam ravishda texnologiya gigantlarini mamlakat tomonidan taqiqlangan kontentni olib tashlashdan bosh tortgani uchun jarimaga tortib kelmoqda, biroq rasmiylar YouTube kabi mashhur tarmoqlarni butunlay “qora ro‘yxat”ga kiritishga ikkilanib turibdi.

“Rossiyaning shunday urinishlaridan biri – Telegram’ni bloklash harakati, oxir-oqibat Kremlda kelishmovchiliklarga olib keldi. Telegram o‘z faoliyatini davom ettirdi va undan hali ham foydalanayotgan odamlar orasida taniqli davlat amaldorlari bor edi. Mart oyida Rossiya internet-regulyatori stvakani pastroq olib, Twitter’ni sekinlashtirishni tanladi, chunki Twitter Rossiyada mashhur emas”, deyiladi xabarda.

“Freedom House” tashkilotining internet erkinligiga bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham “erkin emas”. Tojikiston va Turkmaniston umuman reytingga kirmagan, biroq tashkilot ularning ikkisi ham hukumatga qarshi fikrlarni bostirish uchun axborot portallari va ijtimoiy media platformalarining “ommaviy yopilishidan” foydalanganini ta’kidlagan. Markaziy Osiyoda faqat Qirg‘iziston internet ochiqligi darajasi bo‘yicha “qisman erkin” deb baholangan.

“O‘yin qoidalarini asosan Moskva o‘rnatadi”, deydi siyosiy tahlilchi va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov. 

Joriy yilning sentyabr oyida Rossiyada parlament deputatligi uchun saylov jarayonlari boshlanishi bilanoq, Apple va Google Rossiyadagi onlayn do‘konidan muxolif kuchlarning ilovasini o‘chirib tashladi.

Qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniyning hamkorlari tomonidan yaratilgan ilova Prezident Vladimir Putinga qarshi bo‘lgan rossiyalik saylovchilarga g‘alabani Putinga topshirmaydigan tarzda ovoz berishda yordam berish uchun mo‘ljallangan edi. Biroq Roskomnadzor Apple va Google’ni saylovchilarga ilovani yuklab olishga ruxsat berib, Rossiya siyosiy ishlariga aralashganlikda aybladi va uni internet do‘konlaridan olib tashlashni talab qildi. Rossiya hukumati kompaniyalarga bosim o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi va ularning mahalliy xodimlarini javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi.

Qozog‘istondagi raqamli huquq faollari sentyabr oyida parlamentdagi hukmron partiya xorijiy texnologiya kompaniyalardan mamlakatda ofislarini ochishni talab etuvchi qonun loyihasini ilgari surganida, mamlakat ushbu Moskvadan nusxa ko‘chirishga urinayotganidan qo‘rqishgandi. Qonun loyihasi bolalarni himoya qilish chorasi va kiberhujumlarga chek qo‘yish usuli sifatida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, faollar buni so‘z erkinligini cheklash va hukumat tanqidchilarining ovozini o‘chirishga urinish deb hisobladi.

O‘tgan hafta Qozog‘iston hukumati Facebook bilan “zararli kontent bo‘yicha yaqin hamkorlik to‘g‘risida” qo‘shma bayonot e’lon qildi. 

Qozog‘iston bayonotiga ko‘ra, hozirda Meta nomi bilan mashhur bo‘lgan Facebook mamlakat hukumati Facebook’ning kontent haqida xabar berish tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va eksklyuziv kirish huquqini taqdim etgan. Bu esa hukumatga Facebook’ning global kontent siyosati va mahalliy qonunlarni buzishi mumkin bo‘lgan kontent haqida xabar berishda yordam berishi mumkinligi aytilgan. Ammo bu bayonot Facebook’dan mustaqil ravishda chop etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 2 iyul kuni O‘zbekistonda Skype, Twitter, TikTok va Rossiyaning “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklangandi. Keyinroq esa ularning qatoriga WeChat ham qo‘shildi. Biroq bu saytlarning bloklanishi Telegram’ning uzilishi kabi noroziliklarni keltirib chiqarmadi. 35 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda 18 million kishi Telegram’dan foydalanadi.

Bu bloklash ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Matbuot kotibi O‘zbekiston internet-regulyatori rahbari “noto‘g‘ri va nomuvofiq xatti-harakatlari” uchun ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 noyabr kuni soat 19:30 lar atrofida O‘zbekistonda “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “Linkedn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatida uzilishlar kuzatila boshlandi. Keyinroq Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ushbu platformalarni Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan cheklov rasman bekor qilindi. Cheklovni o‘rnatgan tashkilot Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Meliboyevich Ziyayev Bosh vazir qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Barcha ish g‘ishtdan ko‘chib bo‘lgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rasmiy ma’lumot bilan chiqib, uzilishlarga "O‘ztelekom" AK uskunasidagi nosozlik sabab bo‘lganini aytdi. Oradan ko‘p o‘tmay bu bayonot o‘chirildi.

4 noyabr kuni internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq voqea ortidan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Facebook Telegram Instagram

Baholaganlar

54

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing