Windows ishdan chiqishi 8,5 million qurilmaga ta’sir qildi – Microsoft
Texnologiya
−
21 iyul
6775Windows operatsion tizimidagi global nosozlik 8,5 million qurilmaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu haqda Microsoft kompaniyasi ma’lum qildi.
Windows kompyuterlarining ishdan chiqishi butun dunyodagi kompaniyalar ishini to‘xtatdi. Shov-shuvli hodisaga CrowdStrike antivirus yangilanishidagi xato sabab bo‘lgan. Operatsion tizimning keng ko‘lamli nosozligi u bilan ishlaydigan 8,5 million qurilmaga ta’sir qildi.
“Gap Windows operatsion tizimida ishlaydigan barcha qurilmalarning bir foizdan kamrog‘i haqida ketmoqda. Dasturiy ta’minotni yangilash ba’zan kompyuterlar bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin, ammo CrowdStrike mahsuloti bilan bog‘liq yuqori darajadagi voqea kabi yirik hodisalar tez-tez sodir bo‘lmaydi. Muvaffaqiyatsizlik keng IT ekotizimidagi o‘zaro bog‘lanishlar ko‘lamini ko‘rsatadi va IT sohasi ishtirokchilariga mavjud mexanizmlardan foydalangan holda xavfsiz joylashtirish va falokat oqibatlarini bartaraf etishga ustuvor ahamiyat berish zarurligini eslatib turadi”, deb ta’kidladi operatsion tizim ishlab chiqaruvchisi.
Joriy yilning 19 iyul kuni Windows operatsion tizimidagi global nosozlik bank, aviakompaniya, ommaviy axborot vositalari va boshqa qator sohalardagi kompaniyalarning faoliyatini qiyinlashtirdi. Ispaniya, Berlin, Avstraliya aeroportlari, Turkiyaning Turkish Airlines, AQSHning American Airlines, United Airlines, Delta Airlines, Allegiant, Sun Country, Frontier kabi qator aviakompaniyalar o‘z reyslarini kechiktirishga majbur bo‘ldi.
“The Verge” portali Windows tizimidagi nosozlik BSOD deb nomlanuvchi tizimda ishlaydigan qurilmalarni yuklashda yuzaga kelgan jiddiy xatolik oqibatida yuzaga kelganini yozgan. Global uzilishlar fonida Microsoft aksiyalari narxi deyarli 3 foizga arzonlashdi.
Bunday uzilishlar MDH davlatlari, xususan O‘zbekistonda kuzatilmadi. Keyinroq “The Guardian” gazetasi Windows bazasidagi texnologiyalarning global uzilishidan zarar ko‘rgan barcha tizimlarning to‘liq funksionalligini tiklash bir necha hafta davom etishi mumkinligi yozdi.
Kompaniyaning korporativ xavfsizlik va operatsion tizimlar bo‘yicha vitse-prezidenti Devid Veston esa CrowdStrike tezda xatoni topganini va o‘sha kuni o‘z mahsulotiga tuzatish kiritganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Microsoft nosozlikdan jabrlangan kompaniyalarga yordam berish uchun yuzlab dasturchilarni safarbar qilgan.
LiveBarchasi