Vuchich mitinglar fonida xalqqa murojaat yo‘llaydi

Olam

image

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Belgradda sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan bugun, 29 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da xalqqa murojaat qiladi. Bu haqda “Srbija danas” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 28 iyun kuni Vuchich Instagram sahifasida “oxir-oqibat Serbiya doim g‘alaba qozonadi” deb yozgan va serb bayrog‘ini ko‘tarib turgan suratini joylagan.

“Ular Serbiyani yo‘q qilishni istashdi, lekin ulardan hech narsa chiqmadi. Yashasin Serbiya!”, deya qo‘shimcha qilgan o‘z bayonotida Serbiya rahbari.

Serbiyada ommaviy noroziliklar to‘lqini 2023 yilning noyabr oyidan buyon davom etmoqda. Bunga Noviy-Saddagi temiryo‘l vokzalida beton tom qoplamasining qulab tushishi sabab bo‘lgan. Norozilar bu fojiani korrupsiya bilan bog‘lamoqda va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda.

28 iyun kuni poytaxt Belgrad markazidagi Slaviy maydonida o‘tkazilgan mitingdan so‘ng politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan. Serbiya politsiyasi rahbarining aytishicha, olti nafar politsiyachi jarohatlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki miting bo‘lib o‘tgan – biri Slaviy maydonida, ikkinchisi esa Pionerlar bog‘i va parlament binosi oldida. Slaviy maydonidagi miting soat 21:00 atrofida tugagan bo‘lsa, ikkinchisi yana biroz davom etgan. Slaviy maydonidagi miting tugagach, namoyishchilarning bir qismi parlament binosi oldida to‘plangan. Bu vaqtda politsiya to‘sig‘i yorib o‘tilgan va to‘qnashuvlar boshlangan. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz qo‘llagan. Taxminan o‘n kishi qo‘lga olingan.

Vuchich esa Serbiyadagi notinchliklar ortida “g‘arbning o‘rgatuvchilari” turganini aytib, mamlakatda “rangli inqilob” uyushtirish harakatlarida ularni ayblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing