Voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyati uchun jazo og‘irlashtirilmoqda
Jamiyat
−
02 fevral 2023
11799O‘zbekiston qonunchiligida nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar), shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda), 16 yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda) jinoyatlari uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Oliy Majlis Senati ishchi guruhi va Adliya vazirligi tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihaci ishlab chiqilgan.
“Qonun loyihasida shuningdek, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan jazodan tashqari boshqa javobgarlik va ta’sir choralari ham kuchaytirilib, xususan, ularga nisbatan:
– jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi;
– tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmasligi nazarda tutilgan”, deya ma’lum qilgan O‘rinboyeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan tashqari “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga ham yangi norma kiritilishi taklif etilgan. Unga ko‘ra, yuqoridagi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash muassasalarida ishlashlari taqiqlanadi.
“Ayni vaqtda Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar umumlashtirilmoqda. Hujjat loyihasi belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi”, degan Sevara O‘rinboyeva.
LiveBarchasi