Vositachi tomonlar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulhni uzaytirishga yaqin turibdi – “Reuters”

Olam

image

Misr, Qatar, Qo‘shma Shtatlar ikki urishayotgan tomonlar – Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi davlatlar sifatida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishga yaqin turibdi. Bu haqda Misr xavfsizlik kuchlaridagi uchta manbaga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar gumanitar sulh qancha muddatga uzaytirilishi va unga muvofiq qaysi falastinlik mahbuslar ozod etilishini muhokama qilmoqda.

O‘z navbatida, Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi tomonlar sulhni to‘rt kungacha uzaytirishni rejalashtirayotganini yozmoqda. Ayni paytda Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarni ozod qilish va G‘azoga ko‘proq insonparvarlik yuklarini yetkazib berish evaziga yana kamida 20 nafar isroillik garovga olingan – ayollar va voyaga yetmaganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 22 noyabr kuni Misr va Qatar vositachiligida HAMAS va Isroil o‘rtasida G‘azo sektorida to‘rt kunlik gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishgani e’lon qilindi. Bitimlar Isroil qamoqxonalaridan 150 nafar o‘smir (19 yoshgacha) va ayollarni ozod qilish evaziga anklavda saqlanayotgan 50 nafar bolalar, o‘smirlar (19 yoshgacha) va ayollarni ozod qilishni nazarda tutadi. Sulh 24 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da kuchga kirdi va shu kuni garovga olinganlarning birinchi guruhi ozod qilindi. Dastlab, kelishuv har bir qo‘shimcha 10 kishilik garovga olingan guruhni ozod qilish uchun ushbu pauzani bir kunga uzaytirish imkoniyatini nazarda tutgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng G‘azo sektoridagi to‘rt kunlik gumanitar pauzani kuniga qo‘shimcha 10 kishini garovdan ozod qilish sharti bilan uzaytirish imkoniyatini ijobiy baholashini aytgandi. Shu bilan birga, u pauza tugaganidan keyin Isroil har qanday holatda ham Falastin anklavida harbiy amaliyot o‘tkazishga qaytish niyatida ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing