Volkswagen 50 mingta ish o‘rnini qisqartirmoqchi
Olam
−
18:24 378 2 daqiqa
Volkswagen kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida 50 mingta ish o‘rnini qisqartirish va avtomobil modellarining qariyb yarmini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi Yevropada Xitoy avtomobillari bilan raqobat kuchaygani va AQSHga avtomobil eksporti uchun bojlar joriy etilgani sabab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Kompaniya Germaniyadagi zavodlarida yiliga 500 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha ortiqcha quvvat mavjudligini aniqlagan. Biroq qaysi zavodlar yopilishi yoki aynan qaysi ish o‘rinlari qisqartirilishi hozircha ma’lum qilinmagan.
Shuningdek, Volkswagen avtomobillaridagi modellar va ularning variantlari sonini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya avtomobillar ishlab chiqarishdagi “murakkablik”ni 75 foizga qisqartirmoqchi.
Volkswagen’ning Germaniyadagi xodimlari soni 2023 yildagi 275 ming nafardan 2026 yil iyuniga kelib 254 ming nafargacha kamaygan. Bundan tashqari, AQSHning import bojlaridan kompaniya joriy yilda 4,7–5,8 milliard dollar atrofida zarar ko‘rishi mumkin. Kompaniya esa kamroq model ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni oshirishni rejalashtirmoqda.
“Bizga tobora kuchayib borayotgan global raqobat sharoitida sanoat bazamizni mustahkamlaydigan raqobatbardosh muhit va savdo siyosati kerak”, degan Quyi Saksoniya Bosh vaziri Olaf Lies.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Volkswagen elektromobillar bozorida ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Kompaniya AQSH bozori uchun mo‘ljallangan ID.4 elektromobilini ishlab chiqarishni aprel oyida to‘xtatgan. Yevropada esa Xitoy ishlab chiqaruvchilarining elektromobillari savdosi ortib bormoqda.
Live
Barchasi