Volkswagen Porsche zavodlaridagi minglab ishchilarni bo‘shatmoqchi
Olam
−
18:01 680 1 daqiqa
Tarkibiga Porsche ham kiruvchi Germaniyaning Volkswagen avtomobilsozlik konserni Porsche zavodlarida taxminan 4,1 mingta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “Handelsblatt” gazetasi xabar berdi.
“Porsche brendi uchun Volfsburg (Volkswagen konserni qarorgohi) rejasida “taxminan 4,1 mingta ish o‘rnini” qisqartirish nazarda tutilgan”, deyiladi gazeta xabarida.
“Handelsblatt” ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu reja mablag‘larni tejashga qaratilgan bo‘lib, chora-tadbirlar “amaldagi kelishuvlarga qo‘shimcha ravishda” qo‘llaniladi. Bu avvalroq kelishilgan shtat qisqartirishlariga qo‘shimcha ravishda Porsche’ning 4 mingdan ortiq xodimi bo‘shatilishini anglatadi.
“Handelsblatt”ning qayd etishicha, shu tariqa, avvalgi chora-tadbirlar hisobga olinganda, kompaniya korxonalarida dastlabki qariyb 23 mingta ish o‘rnidan umumiy hisobda 9 mingtasi qisqartiriladi. Buning evaziga Porsche “2035 yilgacha tashkiliy sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatishlarni istisno etadi” va “Suffenxauzen hamda Vayssaxdagi ishlab chiqarish maydonchalari saqlanib qolishini kafolatlaydi”.
Shu bilan birga, kompaniyaning aynan qaysi zavodlari qisqartirish rejalariga tushishi hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida 50 mingta ish o‘rnini qisqartirish va avtomobil modellarining qariyb yarmini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.