Mashhur brend O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarmoqchi 

Jamiyat

image

Germaniyaning Volkswagen avtokonserni O‘zbekiston avtomobil sanoatini yanada rivojlantirish dasturi doirasida Toshkentda yirik yig‘uv ishlab chiqarishini tashkil etish niyatida. Bu haqda Britaniyaning “Just Auto” portali xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida O‘zbekiston poytaxtida avtomobillarni yirik bo‘g‘inli yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Kelgusida ishlab chiqarishni “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida yuqoriroq mahalliylashtirish darajasiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, loyiha 2025 yil iyun oyida strategik sheriklik bitimi imzolangan “O‘zavtosanoat” davlat kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Maqolada O‘zbekiston avtomobil sanoati barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyish etayotgani alohida e’tirof etilgan. Ayni paytda mamlakatda Chevrolet, BYD, KIA va Hyundai kabi xalqaro brendlar bilan hamkorlikda mahsulot ishlab chiqaruvchi beshta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda.

Xabarda aytilishicha, sohada 10 mingdan ortiq mutaxassis band bo‘lib, 300 dan ziyod mahalliy korxona avtomobil ishlab chiqaruvchilarni butlovchi qismlar bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish hamda 2026 yil oxirigacha avtokomponentlar bozorini rivojlantirishning kompleks strategiyasini tayyorlash vazifalarini qo‘ygani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Kogon tumanida elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil' Volkswagen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing