Qashqadaryoga loyiha menejeri tayinlandi. Viloyatda 50 ming ish o‘rni yaratiladi
Jamiyat
−
13:19 732 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyatiga loyiha menejeri tayinlandi. Unga va boshqa mas’ullarga 20 milliard dollarlik loyihalar va 50 ming ish o‘rnini qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Bu haqda bugun, 22 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryoda yilning to‘qqiz oyida sanoat 8,4 foiz, xizmatlar 16,6 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,9 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, davlat rahbari hozirgi natijalar bilan viloyatning mavjud salohiyati o‘rtasida hali katta farq borligini ko‘rsatib o‘tgan.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari bo‘yicha viloyat respublikada yettinchi, xizmatlar bo‘yicha to‘qqizinchi, qishloq xo‘jaligi va qurilish hajmi bo‘yicha o‘n birinchi o‘rinda. Prezident tuman hokimlari va banklar “bilimga – rag‘bat, mehnatga – imkoniyat, tashabbusga – madad” beradigan muhit yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yilda eng ilg‘or hududlar qatoriga chiqishi mumkinligini ta’kidlagan.
Sanoatda yangi bosqichga o‘tish uchun viloyatda yetarli resurs bor. Gaz, elektr va yerosti boyliklarini daromadli ish o‘rinlari hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
GTL zavodida qiymati 300 million dollar bo‘lgan uchta yirik loyiha tayyor. Zavoddan olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 1,5 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish mumkin. Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini 365 ming tonnadan 600 ming tonnaga yetkazish imkoniyati, kichik tonnajli kimyo yo‘nalishida esa 830 million dollarlik 30 dan ortiq loyihaviy taklif bor.
Viloyatga tayinlangan loyiha menejeri va boshqa mas’ullarga 20 milliard dollarlik loyihalar va 50 ming ish o‘rnini qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlash topshirilgan.
Live
Barchasi