Trampning buyrug‘idan so‘ng AQSH va Janubiy Koreya harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirdi

Olam

image

AQSH va Janubiy Koreya Donald Trampning topshirig‘idan so‘ng har yili o‘tkaziladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar muddatini 11 kundan 5 kunga qisqartirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Pentagonga Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni “sezilarli darajada qisqartirish”ni buyurgandi. Shundan so‘ng qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar muddati 11 kundan 5 kunga qisqartirilgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 17 avgust kuni boshlangan Ulchi Freedom Shield mashg‘ulotlari endi joriy yilning 21 avgustida yakunlanadi. Aslida esa mashg‘ulotlar 27 avgustgacha davom etishi rejalashtirilgandi.

Janubiy Koreya Mudofaa vaziri An Gyu Bekning aytishicha, mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi bekor qilinmoqda. Ushbu bosqich mudofaa amaliyotlaridan keyingi qarshi hujum operatsiyalarini o‘z ichiga olishi kerak edi. Shuningdek, ayrim qo‘shma dala mashqlari ham qisqartiriladi.

Pentagon vakili AQSH mashg‘ulotlar va ular bilan bog‘liq jonli o‘quv tadbirlaridagi ishtirokini sezilarli darajada kamaytirganini, ayrim mashqlar esa bekor qilingani yoki simulyatsiya formatiga o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

Shimoliy Koreya esa mashg‘ulotlarni yana bir bor qoralab, AQSH va Janubiy Koreyani Koreya yarimorolida keskinlikni kuchaytirayotgan “urushparastlar” deb atagan. Biroq Pxenyan bayonotida Tramp yoki mashg‘ulotlarning qisqartirilishi tilga olinmagan.

Shuningdek, “The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, Tramp yordamchilariga Kim Chen In bilan shu kuzdayoq yuzma-yuz uchrashuv tashkil etishni topshirgan. Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralar noyabr oyida Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida o‘tkazilishi mumkin.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Xyonning aytishicha, Seul va Vashington rasmiylari Trampning buyrug‘idan oldindan xabardor bo‘lmagan. Prezident Li Je Myon esa mazkur mashg‘ulotlar mudofaa xarakteriga ega ekanini va Shimoliy Koreyaga qarshi qaratilmaganini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing