Volidayi Sulton Qatar Falastinga berayotgan pullar qarz emasligini aytdi

Olam

image

Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning onasi Shayxa Moza bint Nosirning fikricha, Isroilning urush qonuniyatlarini mensimasligi ortidan G‘azoda xalqaro gumanitar huquq buzilmoqda. U bu haqda kecha, 15 noyabr kuni Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an boshchiligida o‘tgan “Falastin uchun yagona yurak” sammitidagi nutqida aytib o‘tdi. 

Volidayi Sultonning aytishicha, Isroil hozirda, har doimgidek, G‘azoga hujumlarini davom ettirmoqda va bunda xalqaro qonunlarni mensimayapti.

“Xalqaro gumanitar qonunlar buzilmoqda, chunki odamlar shafqatsizlarcha o‘ldirilib, uylari vayron qilinmoqda. Bu, shubhasiz, to‘liq [qoidalar] buzilishdir". 

Shayxa Moza xalqaro hamjamiyat Isroilning vahshiyligini to‘xtata olmaganini ta’kidlab, dunyo qachongacha Isroilning harakatlariga befarq bo‘lib qolishini savol ostiga oldi. U muammolarni muloqot orqali hal etish tarafdori ekanini bildirdi va insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlarga qarshi turishini ta’kidladi.

U zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, chaqiruvga qaramay, u amalga oshirilmaganini afsus bilan urg‘uladi. 

Shayxa Moza xalqaro bosimni kuchaytirish zarurligini bildirib, shifoxonalar va maktablar bunday hujumlarda nishonga olinmasligi kerakligini qayd etdi. U, shuningdek, Qatarning kelgusi davrda ta’lim sohasiga xalqaro yordam ko‘rsatishga tayyorligini qo‘shimcha qildi. 

Amirning onasi G‘azo xalqiga zudlik bilan insonparvarlik yordamini ko‘rsatishning ma’naviy zarurligini aytib, shunday dedi:  

“Ikki qarama-qarshi maqsad  mavjud ekan – qurish niyati va yo‘q qilish niyati – biz uchun boshqa yo‘l yo‘q – axloqiy, qonuniy yoki etikaviy – qurish niyatida bo‘lganlar bilan birga bo‘lishdan boshqa yo‘l yo‘q.

Qatar tomondan esa, “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamg‘armasi orqali G‘azodagi ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz”. 

Hazratiya Oliyalari Qatar davlati arab dunyosida tutgan rolini yuqori baholadi.

“Qatarning yorqin qiyofasi arab va qatar avlodlari xotirasida saqlanib qoladi.  Bu aholi soni va kattaligi jihatidan kichik mamlakat bo‘lishi mumkin,  lekin u o‘zining ambitsiyalari,  axloqi va tamoyillari bilan buyukdir”, deydi u. 

U so‘zida davom etib, G‘azo xalqiga ko‘rsatilayotgan yordam qarz emas, balki burch ekanini aytdi. 

“Biz qilayotgan barcha ishlarni G‘azo xalqi uchun qilamiz, lekin bu hech qachon qarz bo‘lmaydi.  Tarixning bu mudhish daqiqalarida G‘azo ahli ummatning qadr-qimmatini ifodalaydi”, deydi Shayxa Moza.

Eslatib o‘tamiz, Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitda Senegal Prezidenti Maki Saning rafiqasi Mariyeme Faye Sall, Malayziya qirolichasi Tunku Aziza Aminah Maymunah Iskandariya, O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Kongo Respublikasi Prezidentining rafiqasi Antuanetta Sassu-Ngesso, Bangladesh Prezidentining rafiqasi Rebeka Sultona, Bosniya i Gersegovina Prezidentlik kengashining xorvat a’zosi Jelko Komshichning rafiqasi Sabina Komshich, Livan Bosh vazirining rafiqasi May Mikati, Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri Hamza Yusufning rafiqasi Nadiya Al-Nakla, Liviya Bosh vaziri Abdulhamid Dibeybening rafiqasi Omina Ali Muhammad Al-Shavush Al-Dilaviy, Falastin maxsus vakili Ferial Kamel Abdalrahmon Salim, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zoid an-Nahyonning rafiqasi Shayxa Alyazia bint Saif Al Nahayon, Misr rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri Hala Alsaid va turkmanistonlik diplomat Chinor Rustamova ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Falastin uchun yagona yurak Shayxa Moza bint Nosir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing