Birinchi xonimlar G‘azoda tinchlik o‘rnata oladimi?
Tahlil
−
17 noyabr 2023
7767Har qanday kuchli lider erkaklar ortida mutlaqo aqlli ayollar turishi bor gap. Dunyoda esa bunday ayollar ko‘p. Xalqaro siyosatni tebratayotgan mamlakatlarning rahbarlari ayollari esa 15 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘anning taklifiga ko‘ra, Istanbulda to‘plandi. Ular orasida O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ham bor.
Istanbulda Emina Erdo‘g‘an boshchiligida “Falastin uchun yagona yurak” birinchi xonimlar sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning onasi Shayxa Moza bint Nosir, Senegal Prezidenti Mariyeme Faye Sall, Malayziya qirolichasi Tunku Aziza Aminah Maymunah Iskandariya, O‘zbekiston Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Kongo Respublikasi Prezidentining rafiqasi Antuanetta Sassu-Ngesso, Bangladesh Prezidentining rafiqasi Rebeka Sultona, Bosniya i Gersegovina Prezidentlik kengashining xorvat a’zosi Jelko Komshichning rafiqasi Sabina Komshich, Livan Bosh vazirining rafiqasi May Mikati, Shotlandiya mintaqaviy bosh vaziri Hamza Yusufning rafiqasi Nadiya Al-Nakla, Liviya Bosh vazirining rafiqasi Omina Ali Muhammad Al-Shavush Al-Dilaviy, Falastin maxsus vakili Ferial Kamel Abdalrahmon Salim, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zoid an-Nahyonning rafiqasi Shayxa Alyazia bint Saif Al Nahayon, Misr rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri Hala Alsaid va turkmanistonlik diplomat Chinor Rustamova ishtirok etdi.
O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga kenja qizi – Ijtimoiy himoya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
Gapni bejiz har qanday kuchli lider ortida, kuchli ayollar turishidan boshlaganimiz yo‘q. Har holda sammitga yig‘ilganlar, ayniqsa, Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an bunga qattiq ishonadi va G‘azo inqirozini to‘xtatish, uni qayta tiklash va insoniyatni urushlar domidan olib chiqishda birinchi xonimlarning roli katta, deb hisoblaydi.
Sammitda birinchi bo‘lib nutq so‘zlagan Emina Erdo‘g‘anning aytganlari kishini ham o‘ylantiradi, ham qayg‘uga soladi, ham ko‘z yoshlariga sabab bo‘ladi.
“Ukalariga “Qo‘rqma, yaqinda o‘lamiz”, deb tasalli berayotgan, tobutdan xavfsizroq joyni bilmaydigan bolalar uchun kech qoldik. Bugun barcha o‘quvchilari shahid bo‘lgani uchun o‘quv yili rasman yakunlanganini e’lon qilgan G‘azo Ta’lim vazirligi haqida gaplashish uchun ham kech. “Katta bo‘lganingda kim bo‘lasan?” degan savolga “Biz falastinlik bolalar katta bo‘lolmaymiz” degan va katta bo‘lmagan bolalar uchun ham kechikdik. O‘yinlari bombalardan qochish, yaradorlarni zambilda tashish, vayronalar qazish va shahid ketish bo‘lgan bolalarning xotiridagi qo‘rquvni yo‘qqa chiqarish uchun ham juda kech. Bugun bu yerda to‘plandik, chunki biz hamon yashayotgan begunohlar uchun “ammo” va “nega”larsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilyapmiz”, deydi Emina Erdo‘g‘an.
U so‘zida davom etarkan, xuddi urushda “noma’lum askar” bo‘lganidek, G‘azo bundan buyon noma’lum bolalar shahriga aylanayotganini urg‘uladi.
“Men ona, ayol, inson sifatida bunday iflos merosni keyingi avlodlarga hisob-kitobsiz qoldirishdan bosh tortaman. Isroil davlatining barcha tegishli a’zolarini sodir etgan barcha urush jinoyatlari uchun Xalqaro jinoiy sudga tortilishlarini talab qilaman”, deydi Turkiya birinchi xonimi.
Emina xonimga ko‘ra, Isroilning vahshiyliklariga qarshi hech kim birinchi qadamni tashlay olmayapti, chunki ko‘pchilikning bu jinoyatda tarixiy ulushi bor.
“Bugungi etnik tozalashni Yaratganning amri o‘laroq himoya qilayotganlarga aytaman: Alloh hech bir bolani o‘ldirishga izn bermaydi. Yaratganga nisbatan bunday dahshatli tuhmat qilishga qanday jur’at qilyapsiz? Bir musulmon sifatida men buni keskin rad etaman. Chunki biz ishongan Alloh Rahmon va Rahiymdir. “Ilohiy jazoga loyiq shaharlarda ham kamida 10 nafar begunoh inson topiladi”, degan, o‘sha begunohlarga azob bo‘lmasligini so‘ragan, o‘zini ular uchun fido qilishga tayyor, butun insoniyatni ma’naviy bolalari o‘laroq qabul qilgan bobomiz Ibrohim (alayhissalom) huzurlariga qaysi yuz bilan chiqasiz? Qiziq, o‘z buzuq mafkurangiz uchun 4 mingdan ortiq bolani o‘ldirganingizni hazrati Ibrohimga qanday tushuntirib berasiz?”, deydi Eminaxonim.
Yerning usti jahannamga, osti esa bolalar qabristoniga aylanganda, bu yerda va’da qilingan kelajakning amalga oshishi aslo mumkin emas. Emina Erdo‘g‘an bunday vayronagarchilik asosida qurilgan tartibda kim o‘zini xavfsiz his qilishi mumkin, degan savolni o‘rtaga tashladi.
“Vijdoni kar bo‘lib jim turgan xalqaro hamjamiyatdan so‘ramoqchiman: bu 40 kunlik sharmandalik davridan keyin siz qay yuz bilan dunyodagi tinchlik va adolatni, insoniyatning umuminsoniy qadriyatlarini himoya qilasiz?”, deydi Emina Erdo‘g‘an.
Doimiy ravishda G‘arbning yuziga “tarsaki” urib keladigan Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi ham G‘arbni ayblashda turmush o‘rtog‘idan qolishmadi. Uning aytishicha, Inson huquqlari deb qichqiradigan G‘arb Falastinga kelgan har qanday normani istisno qilyapti.
Falastinlik bolalar va yoshlarga o‘lish yoki o‘ldirilishdan tashqari insoniy qadr-qimmatga munosib kelajak qarzdormiz. Shuning uchun hozir poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan va hududiy yaxlitligi saqlanib qolgan to‘liq mustaqil Falastin davlatini o‘z ichiga olgan, ikki davlat yechimini va’da qilgan, uzoq vaqtdan beri o‘tib ketgan tinchlikni o‘rnatish vaqti keldi”, deydi Turkiya birinchi xonimi.
Erdo‘g‘anning rafiqasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro birlashmalar tarkibida Isroil tomonidan vayron qilingan maktablar, bog‘lar va shifoxonalarni tiklash uchun jamg‘arma tashkil etishga chaqirdi. Birinchi xonimlarga yuzlanib, Isroilning jinoyatlarini doimiy nazorat qilib borishni, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda jar solishni, G‘azodagilarni yolg‘iz tashlab qo‘ymaslikni so‘radi. U so‘z yakunida o‘z orzusidagi Falastin qanday bo‘lishini aytdi.
“Bugun Falastinni vayronalar, qon, ko‘z yoshlar va tutun ichida ko‘rishimiz mumkin, ammo bu qorong‘u portret ortida bizning Falastin xayolimiz bor. Bu falastinlik bolalarning dini va millatidan qat’i nazar, G‘azo sohillarida qo‘l berib, aka-uka bo‘lib yugurishi orzusi. Limon daraxtlari gul ochgan, quyosh nurlari zaytun shoxlaridagi mevalarga tushgan, otalar qo‘rqmasdan farzandlari bilan diydorlashadigan, onalar bolalarini o‘pib, qabrga emas, beshikka yotqizadigan Falastin”, deydi Eminaxonim.
Emina Erdo‘g‘andan keyin so‘z navbati O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga tegdi. U qurolli to‘qnashuvlar oqibatida barcha qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirdi. G‘azoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, ming-minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin bo‘layotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini qayd etdi.
Uning qayd etishicha, xalqaro hamjamiyatning kuchli e’tirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada ortib, uning oxiri sira ko‘rinmayapti. Oqibatda qurolli to‘qnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda.
Birinchi xonim har ikki tomonni ham zudlik bilan o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yo‘li bilan “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishga chaqirib, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.
"Falastin xalqi o‘z yerida mustaqil davlat barpo etib, azaliy orzusi to‘la ushalishini, tinch va osoyishta hayotga qaytishini Yaratgandan so‘rab qolamiz. Biz ham butun dunyo ahlining qat’iy sa’y-harakatlari va amaliy choralari bilan insoniyat qalbida katta og‘riq bo‘lgan ushbu mojaro tez kunlarda barham topishiga umid qilamiz”, deydi Ziroat Mirziyoyeva.
Mirziyoyevning rafiqasi Falastin xalqi bilan birdam va yakdil ekani, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Istanbulga yig‘ilgan birinchi xonimlar orasida Emina Erdo‘g‘andan 4 yashar kichik, ko‘rinishi esa anchayin yosh bo‘lgan Volidayi Sulton – Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning onasi Shayxa Moza bint Nosir Isroilning urush qonuniyatlarini mensimasligi ortidan G‘azoda xalqaro gumanitar huquq buzilayotganini aytdi.
“Xalqaro gumanitar qonunlar buzilmoqda, chunki odamlar shafqatsizlarcha o‘ldirilib, uylari vayron qilinmoqda. Bu, shubhasiz, to‘liq qoidalar buzilishidir", deydi Shayxa Moza bint Nosir.
Shayxa Moza xalqaro hamjamiyat Isroilning vahshiyligini to‘xtata olmaganini ta’kidlab, dunyo qachongacha Isroilning harakatlariga befarq bo‘lib qolishini savol ostiga oldi. U muammolarni muloqot orqali hal etish tarafdori ekanini bildirdi va insoniyatga qarshi sodir etilgan jinoyatlarga qarshi turishini ta’kidladi.
U xalqaro bosimni kuchaytirish zarurligini bildirdi. Shuningdek, Qatarning kelgusi davrda ta’lim sohasiga xalqaro yordam ko‘rsatishga tayyorligini qo‘shimcha qildi. Hazrati Oliyalari G‘azo xalqiga ko‘rsatilayotgan yordam qarz emas, balki burch ekanini aytdi.
“Biz qilayotgan barcha ishlarni G‘azo xalqi uchun qilamiz, lekin bu hech qachon qarz bo‘lmaydi. Tarixning bu mudhish daqiqalarida G‘azo ahli ummatning qadr-qimmatini ifodalaydi”, deydi Shayxa Moza bint Nosir.
U Falastin uchun faqat gap bilan chegaralanib qolmadi. Asabi qattiq buzildi chog‘i, o‘sha yerning o‘zida UNESCO’ning yaxshi niyat elchisi lavozimidan iste’foga chiqdi. Uning aytishicha, Yaqin Sharqdagi keskinlik sharoitida UNESCO G‘azo sektoridagi bolalarni qutqarish va ularga yordam berish bo‘yicha o‘z vazifasini bajarmagan.
Emina Erdo‘g‘anning gap-gashtaklarida ma’joziy ma’noda aytganda tovonxona boshida turadigan Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva sammitga kelmadi. O‘zi oxirgi paytlarda Aliyeva xorijiy safarga chiqmayapti. 9 noyabr kuni Toshkentda o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitiga ham erini yolg‘iz jo‘natdi. Aliyeva Istanbulga bora olmasa-da Emina Erdo‘g‘anning yuzidan o‘ta olmay, videomurojaat yo‘lladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ozarbayjon Isroil-Falastin mojarosida kimning tomonida ekani ko‘p muhokama qilinmoqda. Ozarbayjon Qorabog‘ urushida Turkiya bilan bir qatorda Isroilning harbiy yordamiga tayangani, shuning uchun tili qisiq deyilib, misollar keltiriladi, Bakuning HAMASni terrorchi tashkilot sifatida tan olishi Isroilni qo‘llashidan dalolat ekani aytiladi. Ammo Mehribon Aliyeva o‘z nutqida Ozarbayjon kim tomonida ekanini ochiq aytdi.
“Mamlakatimiz Falastin-Isroil mojarosini xalqaro huquq va BMTning tegishli rezolyutsiyalari asosida “ikki davlat” tamoyili asosida hal etish tarafdori”, deydi Ozarbayjon birinchi xonimi.
Mehribon Aliyevaning aytganlarini shunchaki Prezidentning rafiqasi – uy bekasi aytgan gap, Bakuning nazdida rasmiy kuchga ega emas, deyish xato bo‘ladi. Chunki Aliyeva birinchi xonim bo‘libgina qolmay, erining rasman birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.
Xullas, Aliyeva Ozarbayjon jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Va yana azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘lar degandek, 30 yil davomida Armaniston Qorabog‘ yerlarini egallab, vayron qilgani, odamlarni qirg‘ani, masjidlarni vayronaga aylantirganini va Ozarbayjon qanday qilib Qorabog‘ni qaytarib olganini aytib berdi.
Videomurojaat yo‘llash navbati Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroning rafiqasi Siliya Floresga. Bu xonimga ishonadigan bo‘lsak, Venesuela Isroil-Falastin mojarosiga urush deb qaramaydi.
“Bo‘layotgan voqealarni urush deb atay olmaymiz, chunki ochiqchasiga kurashayotgan ikkita qo‘shin yo‘q yoki tomonlar bir-biriga qarshi urush e’lon qilmagan. Qamal ostidagi shaharning Isroil tomonidan havodan va quruqlikdan bombardimon qilinayotganini ko‘ryapmiz”, deydi Venesuela birinchi xonimi Siliya Flores.
Yodingizda bo‘lsa, 9 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rafiqasi Emiina Erdo‘g‘an 15 noyabr kuni Falastin uchun birinchi xonimlar ishtirokida yig‘in qilayotganini aytib, ushbu mavludga tashkilotga a’zo davlatlar O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon Prezidentlari va Pokiston Bosh vazirining rafiqalarini taklif qilib ketgan edi. Ammo ushbu yig‘inga tashkilot davlatlaridan faqat O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vazirining rafiqalari bordi.
Pokiston muvaqqat hukumati Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakarning rafiqasi Sadiya Rahmatulloh yosh bo‘lsa-da ancha tish-tirnoqli chiqdi. U Isroil-Falastin masalasi o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotganini aytib, bunday vaziyatlarni boshdan kechirgan har bir xalq o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega ekanligini aytdi.
“Hokimiyatni bir qo‘lda ushlab turish faqat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, abadiy davom eta olmaydi. Bugun xalqaro maydonga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ehtimol, ba’zi narsalar imkonsizdek tuyuladi, lekin tarix har doim adolatni mukofotlaydi. Falastin muammosiga doimiy yechim topish uchun Falastin davlati tuzilishi kerak. Sharqiy Quddus uning poytaxti bo‘lishi juda muhimdir”, deydi Anvar ul-Haq Kakar.
Koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda ham bu kasallik haqida miq etmay, to‘y-hashamni o‘rniga qo‘ygan, niqob taqishni taqiqlash darajasiga borgan Turkmaniston bugun G‘azodagi voqealarni ham jim kuzatmoqda. Mamlakat rasmiylari bu haqida miq etgani yo‘q. Istanbuldagi sammitda esa Turkmaniston nomidan diplomat Chinor Rustamova qatnashdi.
U ham Falastin xalqi, begunoh bolalar va ularning onalarini qo‘llab-quvvatlaganliklarini bildirish, Falastin uchun yagona yurak sifatida ovozlarini dunyoga yetkazish uchun kelganini bildirdi.
Rustamova Falastin hududlarida tinchlik o‘rnatilishiga bugungidek birlashish va qo‘l ushlash orqaligina erishish mumkinligini aytdi. Lekin Turkmaniston yoki uning shaxsan o‘zi qayerni aynan Falastin hududi deb bilishiga aniqlik kiritgani yo‘q. So‘zi so‘ngida Emina Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning rafiqasi, hozirgi Prezidentning onasi, ta’bir joiz bo‘lsa ikki karra Volidayi Sulton Og‘ulgerek Berdimuhamedovaning maktubini o‘qib eshittirdi.
Xullas, shu tariqa birinchi xonimlarning yig‘ini o‘z nihoyasiga yetdi. Sammit yakunida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining G‘azo sektori bo‘yicha “Yaxshi niyat deklaratsiyasi” qabul qilindi. Bu deklaratsiya va sammit Isroil-Falastin mojarosini hal qilish, Isroilning dahshatli qirg‘iniga nuqta qo‘yish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya bilan 1967 yildagi chegaralar asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini qurishda qanchalik ahamiyat kasb etadi, Isroil va unga yordam berayotgan davlatlarni qanchalik tiyib qo‘yadi, bunisi bizga qorong‘i.
LiveBarchasi