Volgograddagi terrorchilikdan so‘ng Tojikiston IIV rahbari rossiyalik mavqedoshiga sim qoqdi
Olam
−
24 avgust
12046Rossiyaning Volgograd viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida mahbuslar tomonidan sodir qilingan terrorchilik ishlaridan so‘ng Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ular koloniyada ro‘y bergan voqeadan so‘ng birgalikda qidiruv tadbirlari o‘tkazish va terrorchilik tashkilotining boshqa a’zolarini aniqlashga kelishib oldi.
“Suhbat chog‘ida tomonlar ushbu jinoyatni sodir etgan terrorchilik tashkilotining boshqa a’zolarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha zudlik bilan zarur choralarni ko‘rish hamda birgalikda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Prezident Imomali Rahmon Tojikiston Ichki ishlar vaziriga telefon orqali muloqot o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Suhbatning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.
Kecha, 23 avgust kuni Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmatining Volgograd viloyatidagi 19-koloniyasida intizomiy komissiya yig‘ilishida qamoqxona xodimlarini garovga olgan 4 nafar mahkum maxsus kuchlar tomonidan yo‘q qilindi.
Bungacha bosqinchilar vertolyot va ikki million dollar talab qilgan. Agar ular ta’qib qilinsa, garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 206-moddasi (garovga olish) 4-qismi hamda 321-moddasi (Jamiyatdan izolyatsiyani ta’minlovchi institutlar faoliyatidagi tartibsizlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan qamoqxonada xavfsizlik va koloniya rejimiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkaziladi. Vaziyat haqida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga xabar berilgan.
LiveBarchasi