Vladivostokdagi voqea ortidan o‘zbekistonliklardan aybdorlarni “samosud” qilmaslik so‘raldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Rossiyaning Vladivostok shahridagi Xabarovskaya ko‘chasida mahalliy yoshlar guruh bo‘lib o‘zbekistonlik migrantlarni kaltaklagani va bezorilikda gumon qilingan ushbu o‘smirlarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasidagi bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilingandi. Ushbu voqea ortidan O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsuli Yusuf Qobiljonov Primorsk o‘lkasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi. 

Uning bildirishicha, Vladivostok shahrida istiqomat qiluvchi, voyaga yetmagan mahalliy fuqarolar tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan sodir etilgan bezorolik yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta videomateriallar tarqalgan. Ushbu holat bo‘yicha Primorsk o‘lkasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilishi natijasida Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi ochilib, jinoyatni sodir etgan 1 nafar mahalliy fuqaro qo‘lga olingan, qolgan ishtirokchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan tezkor-qidiruv va tergov-surishtiruv ishlariga qaramasdan, ayrim shaxslar tomonidan yuqorida qayd etilgan bezorilikni sodir etgan voyaga yetmagan mahalliy fuqarolarga oid ma’lumotlarni moddiy rag‘batlantirish evaziga olish hamda ularni o‘zboshimchalik bilan jazolash (samosud) to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda postlar e’lon qilish holatlari kuzatilmoqda.

“Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu kabi postlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylayotganlarni o‘zboshimchalik yo‘li bilan noqonuniy harakatlarni sodir etmaslikka hamda qonun bilan belgilangan cheklovlar va qoidalarga qat’iyyan amal qilish lozimligi yuzasidan rasman ogohlantiramiz. Aks holda, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq tegishli javobgarlikka tortilishini ma’lum qilamiz. Voqea O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi va Rossiya Federatsiyasi Primorsk o‘lkasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan nazoratga olingan”, deydi Yusuf Qobiljonov. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladivostok Xabarovskaya Yusuf Qobiljonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing