O‘zbekiston talab qildi, Rossiya bajardi
Tahlil
−
16 Sentabr 9161 5 daqiqa
O‘zbekistonlik migrantlar Rossiyada yana tazyiqqa uchradi va kaltaklandi. Ammo bu safar ular davlat organi xodimlaridan emas, balki mahalliy o‘smirlardan jabr ko‘rdi. Joriy yilning 10 sentyabr kuni Rossiyaning Vladivostok shahri, Xabarovskaya ko‘chasida bir guruh mast bolalar to‘dasi o‘zbekistonlik migrantlarga hujum qilgan. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda 13 sentyabrda keng tarqaladi.
Tazyiqqa uchraganlar o‘zbekistonlik migrantlar ekani haqida dastlab “Vladivostok1” mahalliy nashri xabar bergandi. Unga ko‘ra, avvaliga yoshlar ichida migrantlar bo‘lgan mashinalarga tosh otgan, keyin haydovchilar suhbatlashish uchun tushganida guruh bo‘lib hujum qilishgan. Tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda ham o‘zbekistonlik muhojirning vaziyatga shunday bosiqlik bilan yondashganini ko‘rish mumkin. Ammo bir guruh o‘smirlar hech bir sababsiz unga zarar yetkazishda davom etgan. Ularning bezoriligi oqibatida o‘sha tunda bir necha kishi jabrlangan.
Bezori o‘smirlar muhojirga hamla qilgan holat aks etgan videoni ham o‘zlari tasvirga olgan. Unda holat qanday ro‘y berganini aniq ko‘rish mumkin. Masalan, videoda holatni tasvirga olgan bezorining baland kulgisi va tajovuzkorlarni qo‘llab-quvvatlashini eshitish mumkin. U sheriklarining nomi tilga olib, ularni muhojirni kaltaklashda davom etishga chaqirgan. Kadrlarda o‘zbekistonlik haydovchiga bolalardan biri pichoq bilan tashlangani, u esa bu vaziyatda samokat bilan himoyalanganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, bezori bolalar muhojirlardan biri do‘konga yashirinmoqchi bo‘lganda uning ortidan kirib, yuziga urib, shikast yetkazgan. Ular mazkur holatni do‘kon ichidagi kamera yozib olayotganidan ham cho‘chimagan.
Ushbu voqea haqida birinchilardan bo‘lib xabar bergan “Vladivostok1” nashri dastavval politsiya ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagani, ammo jabrlanganlar ham, guvohlar ham hech qanday ariza yozmaganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, tajovuzkor harakatlarda ishtirok etganlarning barchasi voyaga yetmagan bo‘lishi mumkinligi aytildi.
Ammo quvonarlisi shundaki, O‘zbekistonning rasmiy vakolatxonasi bu holatga tezkor reaksiya ko‘rsatdi va Rossiyadan aybdorlarni jazolashni talab qildi. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Yusuf Qobiljonovning ma’lum qilishicha, holat aniqlangan zahoti O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolar bilan darhol aloqa o‘rnatilib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirilgan hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasiga va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborilgan. Mazkur voqealar O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Shundan so‘ng, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda kamdan-kam ro‘y beradigan holat kuzatildi. O‘zbekistonning Vladivostokdagi vakolatxonasining bu talablari Rossiya tomonidan zudlik bilan bajarildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha tergov qo‘mitasi bezorilikda gumon qilingan o‘smirlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 2025 yil 10 sentyabrga o‘tar kechasi Vladivostokning Xabarovskaya ko‘chasi hududidagi mazkur bezorilik uchun 15 yoshli o‘smir va uning boshqa sheriklariga nisbatan jinoiyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni o‘smirlar mast holatda bo‘lgan va jabrlanuvchiga sababsiz tashlanib, zarar yetkazgan. Ular to‘xtab turgan mashinani shikastlab, uning saloniga hatto aerozol sepgan. Ma’lumot uchun, aerozol inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan modda hisoblanadi. Bu ham yetmaganidek, ayblanuvchilar yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilishgan.
Bundan tashqari, gumonlanuvchilar Xabarovskaya ko‘chasidagi o‘sha 24 soat faoliyat yurituvchi do‘konga bostirib kirib, xaridorlar va sotuvchi ko‘z o‘ngida erkakka hujum qilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar ko‘chada turib, baland ovozda baqirib, tosh va boshqa qo‘lbola vositalarni qurol sifatida ishlatib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan holda o‘zbekistonlik muhojirga hujum qilgan. Hozirda ayblanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ulardan biri qo‘lga olingan, ikki nafari esa qidiruvda. Gumonlanuvchilar salbiy xarakterga ega va allaqachon huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan biri mahalliy do‘konlardan biridagi bezorilik bilan sudlangan. Ayni paytdagi jinoyat ishi esa sudda ko‘rib chiqilmoqda. Hozirda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi tergovchilari hodisaning barcha holatlarini aniqlamoqda. Hatto bu ishga Rossiya Ichki ishlar vazirligi ham aralashgan. Vazirlikning Primorsk o‘lkasi bo‘yicha xodimlari jinoyat ishi bo‘yicha tezkor yordamni amalga oshirmoqda.
Xo‘sh, O‘zbekiston Rossiyaga o‘z talabini bajartira olishi yaxshi yangilik. Ammo bunday ijobiy holatga har doim ham duch kelmaymiz. Chunki avvalgi bir qancha keyslar bunga misoldir. Masalan, O‘zbekistonning bu galgi notasi Rossiyaga ta’sir qilib, undagi talab bajarilgandir, biroq bungacha "OMON" tomonidan ommaviy tarzda kaltaklangan va xo‘rlangan mehnat muhojirlari, Ximkida “qul” deya haqorat qilingan boshqa bir o‘zbek bo‘yicha yuborilgan notalar Rossiya Tashqi ishlar vazirligida bir chekkada chang bosib yotgan ko‘rinadi. O‘sha masalalar bo‘yicha ishlar qanday ketyapti? Oldinga siljish bormi yoki kimdir jazolandimi? Bular hali noma’lum. Jamoatchilik esa ularni unutgani yo‘q. Rossiya tomonining javobi hali ham kutilmoqda.
O‘zbekiston 38 million aholiga ega o‘ziga yarasha katta mamlakat. Uning jiddiy va asosli masala yuzasidan yuborgan notasini e’tiborsiz qoldirishga agressor davlatning ham, iqtisodiy qudratli davlatning ham, bir so‘z bilan aytganda, hech bir mamlakatning haqqi yo‘q.
Live
Barchasi