Rossiyadagi hibsxonada tug‘ilgan qizaloq O‘zbekistonga olib kelindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyadagi huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Yoqutiston – Saxa Respublika oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazida yashayotgan 1 yoshli S.M. vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Saxa Respublikasi (Yoqutiston)da mehnat faoliyatini yuritayotgan o‘zbekistonlik xatoga yo‘l qo‘yib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. U o‘ta yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga aloqadorligi uchun Yoqutiston shahar sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning farzandi hibsxonada tug‘ilgan. Qizaloq tug‘ilgandan so‘ng Respublika oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markaziga topshirilgan.

Mahkuma ayolning onasi bolani olib ketish uchun Saxa Respublikasiga borgan va O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Bosh konsulxona tomonidan Rossiya Tashqi aloqalar va xalqlar ishlari vazirligi Yoqutiston okrugi ma’muriyatining Vasiylik va homiylik departamentiga aloqaga chiqilgan. Departament bilan bolani buvisiga berish bo‘yicha muloqot amalga oshirilgan. Qizchani buvisiga qaytarish bo‘yicha bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro konvensiyalar asosida tegishli hujjatlar tayyorlangan.

Shundan so‘ng, Bosh konsulxona tomonidan bolani O‘zbekistonga qaytarish uchun maxsus sertifikat rasmiylashtirilgan. Rossiya hukumati ko‘magida qizcha belgilangan tartibda buvisiga topshirilgan.

Yoqutistondagi o‘zbek diasporasi faollari ko‘magida buvi va nabiraga Yoqutiston–Novosibirsk–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilinib, eson-omon O‘zbekistonga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari Tailanddagi diplomatik vakolatxonalar ko‘magida vatanga qaytarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yoqutiston Vladivostok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing