Rossiyada o‘zbekistonliklarni kaltaklagan bezori bolalarga jinoiy ish ochildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Rossiyaning Vladivostok shahri, Xabarovskaya ko‘chasida mahalliy yoshlar guruh bo‘lib o‘zbekistonlik ekani aytilayotgan migrantlarni kaltaklagani xabar qilingandi. Bezorilikda gumon qilingan ushbu o‘smirlarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasidagi bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha tergov organlari 2025 yil 10 sentyabrga o‘tar kechasi Vladivostokning Xabarovskaya ko‘chasi hududida bezorilikda gumon qilingan 15 yoshli o‘smir va uning boshqa sheriklariga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning 10 sentyabr kuni o‘smirlar mast holda to‘xtab turgan avtomobilga sababsiz shikast yetkazgan va salonga aerozol sepgan.

Ayblanuvchilar yuk mashinasi haydovchisiga ham hujum qilgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchilar Xabarovskaya ko‘chasidagi 24 soat faoliyat yurituvchi do‘konga bostirib kirib, sotuvchi va xaridorlar ko‘z o‘ngida haydovchi erkakka hujum qilgan. Keyin ayblanuvchilar taksi haydovchisi va mashinada bo‘lgan yo‘lovchiga hujum qilishgan.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar ko‘chada turib, baland ovozda baqirib, tosh va boshqa qo‘lbola vositalarni qurol sifatida ishlatib, jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan holda bir erkakka hujum qilgan.

Bildirilishicha, hozirda ayblanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ulardan biri qo‘lga olingan, ikki nafari qidiruvda.

“Gumonlanuvchilar salbiy xarakterga ega va allaqachon huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushgan. Ulardan biri “Nadejda” do‘konida bezorilik bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha sudlanuvchi. Jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. Hozirda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi tergovchilari voqeaning barcha holatlarini aniqlamoqda. Jinoiy ish bo‘yicha tezkor yordam Rossiya Ichki ishlar vazirligining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha xodimlari tomonidan olib borilmoqda”, deyiladi Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasidagi bo‘limi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Yusuf Qobiljonov mazkur holat aniqlangan zahoti O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolar bilan tezkor aloqa o‘rnatilib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirilgan hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasiga va Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida notalar yuborilgan. Mazkur holat O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant o'zbekistonlik Vladivostok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing