Viloyatliklarmi? Vazir Toshkentdagi tirbandlikning sababini aytdi

Jamiyat

image

Toshkent shahri yo‘llarida har kuni taxminan 1 millionga yaqin transport vositasi harakatlanib, asosiy tirbandlik manbaiga aylanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamovning poytaxt yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning senatorlik so‘roviga yo‘llagan javobida so‘z boradi.

Vazirlikka ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida Toshkent shahrida aholiga qulay transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgan. Jumladan, shaharning avtobus parklari uchun 1 004 ta yangi zamonaviy avtobus xarid qilingan. Natijada harakat tarkibi soni 1 847 taga yetgan. Avtobuslar orasidagi intervallar ikki barobarga qisqargan. Yo‘lovchilar soni 2,2 barobarga ko‘payib, kunlik 1,4 million nafarga yetgan. Bu esa 140 mingga yaqin shaxsiy avtoulov va taksilardan foydalanishning kamayishiga olib kelgan.

Shaharning 31 ta ko‘chasida alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilgan. Bu yo‘nalishlarda 142 ta avtobus qatnab, har kuni 22 mingga yaqin reys amalga oshirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat shu yo‘nalishlardagina yo‘lovchilarning vaqtini tejash hisobiga 800 mingga yaqin kishi qulaylikka erishgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transporti jozibadorligini oshirish hamda uning yo‘llarda harakat ustuvorligini ta’minlash uchun shaharning asosiy transport arteriyasi hisoblangan 73 ta ko‘chada jamoat transporti harakati ustuvorligi, piyodalar uchun qulay va xavfsiz infratuzilma, transport oqimini samarali boshqarish (aqlli svetoforlar) tizimlarini o‘z ichiga olgan kompleks tadbirlarni amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Bildirilishicha, Toshkent aglomeratsiyasi aholisini jamoat transporti bilan qamrab olish maqsadida shahar atrofidagi hududlarga yangi avtobus yo‘nalishlari ochilmoqda. Shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida 200 ta yangi elektrobus keltirilishi rejalashtirilgan. 2026 yilda esa yana 1000 ta zamonaviy avtobus Toshkentdagi harakat tarkibiga qo‘shiladi.

Yangi avtobuslar kelishi bilan 48 ta yangi va qayta ishlangan yo‘nalishlar ishga tushirilib, shahar va aglomeratsiya o‘rtasidagi bog‘lanish yaxshilanadi. Shu maqsadda Yangi Toshkent hududida 3 ta zamonaviy avtosaroy qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, rejalashtirilgan ishlar amalga oshirilgandan so‘ng, Toshkentda 2 891 ta avtobus harakatlanadi, yo‘lovchi tashish hajmi esa 750 milliongacha yetkaziladi. Yangi yo‘nalishlar, elektrobuslar va “aqlli” boshqaruv tizimlari orqali poytaxt aholisi uchun jamoat transporti yanada qulay va samarali bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Toshkent shahrida yuzaga kelayotgan tirbandliklarda viloyatliklarni ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent tirbandlik Vazir Ilhom Mahkamov Viloyatliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing