Viktor But yana qurol biznesiga qaytdi
Olam
−
07 Oktabr
8737Kolumbiyaning o‘ta so‘l Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlar guruhiga qurol sotish bo‘yicha fitnada ishtirok etgani uchun AQSHda 25 yilga qamalgan Rossiya fuqarosi Viktor But xalqaro qurol savdosiga yana qaytdi. Bu haqda kecha, 6 oktyabr kuni nomi oshkor etilmagan Yevropa xavfsizlik xizmatlaridagi manbasi va boshqa shaxsiy manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “qurol baroni” va “o‘lim savdogari” deb nom olgan But endi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman husiylariga o‘q otish qurollarini sotishda vositachilik qilishga urinmoqda.
“Husiylar vakillari avgust oyida Moskvaga 10 million dollarlik Kalashnikov avtomatlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun borganlarida, ular tanish chehrani – mo‘ylovli Butni uchratgan”, deb yozadi gazeta.
Manbaga ko‘ra, AK-47 miltiqlarini Yamanning Xodeyda portiga oziq-ovqat niqobi ostida olib kelish rejalashtirilmoqda. Oktyabr oyida yetkazib berish boshlanishi kutilmoqda. WSJ qayd etganidek, avvalroq ushbu portga Rossiyadan bir nechta don yuklari kelgan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning kemaga qarshi yoki havoga qarshi raketalarini sotish haqida gap yo‘q, bu AQSH harbiylarining Suvaysh kanali va Qizil dengizdagi husiylarning xalqaro yuk tashishlarini himoya qilish harakatlariga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Viktor But asli kim?
Taxminan 20 yil davomida Viktor But dunyodagi eng yirik noqonuniy qurol sotuvchilardan biri bo‘lib, ularni asosan Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikadagi isyonchi guruhlar va jangarilarga sotgan. 2008 yilda AQSH Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi agentlari “Kolumbiya isyonchilari” niqobi ostida Butni zamonaviy qurol-yarog‘larni yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzish uchun Bangkokka jalb qildi. O‘sha yilning 6 martida u Tailand politsiyasi tomonidan hibsga olingan va 2010 yilning noyabr oyi o‘rtalarida AQSH rasmiylariga topshirilgan. 2012 yil 5 aprelda Nyu-York federal sudi Viktor Butni 25 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.
2022 yil 8 dekabr kuni But Abu-Dabi aeroportida Rossiyada qamoqqa olingan AQSH terma jamoasi basketbolchisi Brittni Graynerga almashtirilgan. O‘sha yilning mart oyida Sheremetevo aeroportida Yekaterinburgning klubida o‘ynagan Nyu-Yorkdan Rossiya Federatsiyasiga qaytgan sportchining yukidan giyohvandlik moyi bilan to‘ldirilgan ikkita elektron bug‘lantiruvchi vosita topilgan. Shundan so‘ng Grayner giyohvand moddalar kontrabandasi moddasi bo‘yicha 9 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga va 1 million rubl miqdorida jarimaga hukm qilingandi.
LiveBarchasi