Xames Rodriges terma jamoadagi faoliyatini yakunladi
Sport
−
11:18 223 2 daqiqa
2014 yilgi Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari Xames Rodriges Kolumbiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda futbolchi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Har bir o‘yin, har bir quvonch, har bir ko‘z yoshi va birgalikdagi har bir baxt uchun rahmat. Kolumbiya terma jamoasi ranglarini himoya qilish hayotimdagi eng katta sharaflardan biri bo‘ldi”, deb yozdi Rodriges.
35 yoshli futbolchi ayni vaqtda Kolumbiyaning “Atletiko Nasonal” klubida to‘p tepmoqda. Yevropada esa u Ispaniyaning “Real Madrid” va “Rayo Valekano”, Angliyaning “Everton”, Germaniyaning “Bavariya”, Fransiyaning “Monako” hamda Portugaliyaning “Portu” klublarida o‘ynagan.
Rodriges “Real Madrid” bilan ikki marta La Liga, Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va FIFA klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
“Bavariya” bilan ikki marta Germaniya chempioni bo‘lgan bo‘lsa, “Portu” safida uch marta ichki chempionatda va Yevropa Ligasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Rodriges Kolumbiya terma jamoasi safida 131 ta uchrashuv o‘tkazgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u darvozabon David Ospina bilan birgalikda milliy jamoa tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilardan biri hisoblanadi. Yarim himoyachi terma jamoa safida 31 ta gol urgan.
U 2024 yilgi Amerika Kubogida kumush, 2016 yilgi musobaqada esa bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2024 yil jahon chempionatida Xames Rodriges turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.
Live
BarchasiRonaldu “Al-Nasr” klubini sotib olmoqchi
15 sentabr