Rossiyada O‘zbekiston fuqarosi og‘ir ahvolda yashayotgani aytildi. Migratsiya agentligi munosabat bildirdi

Olam

−

image

Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan va o‘zini o‘zbekistonlik deb tanishtirgan Baxtiyor Mo‘minov O‘zbekiston emas, Rossiya fuqarosi ekani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avvalroq tarqalgan videoda ko‘chada og‘ir ahvolda qolgan erkak o‘zini O‘zbekistonning Namangan viloyatidan ekanini aytgan. U suhbat davomida O‘zbekistonda o‘g‘li va qizi qolganini, ular uning ko‘chada yashayotganidan xabardor ekanini ma’lum qilgan. Videoda erkak bilan suhbatlashgan shaxs unga yordam berishga harakat qilgani ko‘ringan. U erkakning yaqinlari bilan bog‘lanishni taklif qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur videodan so‘ng Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari voqea joyiga chiqib, shaxsga oid ma’lumotlarni o‘rgangan.

Tekshiruv natijasida Baxtiyor Mo‘minov 1990-yillarda oilasi bilan Rossiyaga ko‘chib ketgani va keyinchalik ushbu davlat fuqaroligini qabul qilgani aniqlangan. Uning Rossiya fuqarosi ekani huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ham tasdiqlangan.

Shuningdek, uning yaqin qarindoshlari ham Rossiya fuqarosi ekanini ma’lum qilingan.

“Migratsiya agentligi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘z vakolatlari doirasida amaliy yordam ko‘rsatadi”, deyiladi agentlik axborotnomasida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Yekaterinburg shahrida og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga mamlakatga qaytishida yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing