Vengriyaning yangi Bosh vaziri Prezidentga tahdid qildi

Olam

image

Vengriyaning yangi saylangan Bosh vaziri Peter Madyar parlamentda mamlakat Prezidentiga nisbatan impichment (lavozimidan chetlatish) jarayonini boshlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 1 iyun kuni jurnalistlar bilan mutbuot anjumanida so‘z ochdi.

Bosh vazir Peter Madyar agar Vengriya Prezidenti Tamash Shuyok o‘z xohishi bilan lavozimini tark etishdan bosh tortsa, parlamentda unga nisbatan impichment jarayonini tashabbus qilishini aytgan.

“Men respublika Prezidentiga shuni ma’lum qildimki, agar u o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa va o‘z xohishi bilan iste’foga chiqmasa, unda men bugun hukmron “Tisa” partiyasi fraksiyasini bizning takliflarimizdan xabardor qilaman va biz zudlik bilan parlamentda zarur jarayonlarni boshlaymiz. Men, shuningdek, Prezidentga Asosiy qonunga (Konstitutsiyaga) muvofiq, uni vakolatlaridan mahrum qilishning bir nechta variantlari mavjudligini aytdim”, deydi Madyar.

Bosh vazirning aytishicha, agar zarurat tug‘ilsa, “Tisa” fraksiyasi Shuyokni iste’foga chiqarish uchun parlamentga Asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni taqdim etadi.

Xabar qilinishicha, avvalroq Madyar Vengriya Prezidenti davlat rahbari sifatidagi o‘z vazifalarini uddalay olmaganlikda va o‘tgan yillar davomida Viktor Orbanning sobiq hukumati tomonidan sodir etilganligi da’vo qilinayotgan suiiste’molliklarga to‘sqinlik qilmaganlikda ayblagan. Tamash Shuyok esa Madyarning talabi bilan iste’foga chiqishdan bosh tortgan va o‘z vazifalarini bajarishda davom etishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 aprel kuni Vengriyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda muxolifat yetakchisi, 45 yoshli Peter Madyar va uning o‘ng-markazchi “Tisa” partiyasi g‘alaba qozongan.


Maqola muallifi

Teglar

Vengriya Peter Mad'yar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing