Vengriyada parlament binosini suv bosdi (video)
Olam
−
19 Sentabr
4923Vengriya poytaxti Budapeshtda Dunay daryosi o‘zanidan toshib ketib, shahar markazidagi qirg‘oqlarni suv bosa boshladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Pesht sharqiy tekisligi tarafdagi pastki qirg‘oqlar hafta boshidan buyon transport harakati uchun yopilgan. Hozirda suv sathi bir metrga yaqin ko‘tarilgan. Qirg‘oq hududining bir qator qismi bilan birga Vengriya parlamenti binosi oldini ham suv bosib, o‘rindiqlarni ko‘mgan. Chiroq ustunlari va svetoforlarning yarmi suv ostida qolgan.
Dekabr va iyun oylarida daryo toshqinlari paytida suv bosgan “Dunay qirg‘og‘idagi poyabzal” yodgorligi hozir ham chuqur suv ostida qolgan. Sohil bo‘ylab ekilgan daraxtlardan iborat xiyobon orolga aylangan.
Qayd etilishicha, Budapeshtdagi pastki qirg‘oqlarning balandligi taxminan olti metr hisoblanadi. 21 sentyabr kuni Dunayda suvning maksimal ko‘tarilish darajasi taxminan 8,5 metrgacha yetishi kutilmoqda. Shahar markazida daryoning odatiy sathi esa 3,5 metrni tashkil qiladi.
Kecha, 18 sentyabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mamlakat suv toshqinining eng og‘ir bosqichiga yetganini, bu taxminan bir hafta ichida yakunlanishi kerakligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, sentyabr oyi o‘rtalarida Markaziy va Sharqiy Yevropada suv toshqinlari boshlandi. Tabiiy ofat anomal tarzda uzoq davom etgan yomg‘ir tufayli boshlangan. Toshqinlar Vengriya, Polsha, Chexiya, Slovakiya va Avstriyani qamrab olgan. 22 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Yevropaga urilgan kuchli “Boris” to‘foni Italiyaga ham yetib borib, mamlakatning ko‘p qismida kuchli yomg‘ir, shamol va suv toshqinlari haqida ogohlantirishlar e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi