Vengriya YeIning Ukraina bo‘yicha bayonotiga boykot e’lon qildi
Olam
−
12 avgust 5292 2 daqiqa
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan Alyaskada AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tishi fonida e’lon qilingan bayonotni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi cahifasida ma’lum qildi.
Orbanning ta’kidlashicha, Yevropa Kengashi Prezidentlar tarixiy uchrashuvidan atigi to‘rt kun oldin Yevropa Ittifoqining barcha davlat va hukumat rahbarlari nomidan bayonot berishga harakat qilgan.
“Liberal-oqim tarafdorlari o‘zlarining sevimli “Putinning qo‘g‘irchog‘i” qo‘shig‘ining yangi talqinini boshlashidan avval, men nima uchun Vengriya nomidan bayonotni qo‘llab-quvvatlay olmaganim sababini aytishga qaror qildim”, deb yozgan Orban quyidagi sabablarni sanagan holda:
- Bayonotda Yevropa Ittifoqi yetakchilari taklif qilinmagan uchrashuv uchun shartlar qo‘yishga harakat qilingan.
- Yevropa Ittifoqi chetda qolib ketgani achinarli holdir. Ahvolni yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan yagona narsa – bu bizning o‘rindiqdan turib ko‘rsatma berishimiz.
- Yevropa Ittifoqi yetakchilari uchun yagona oqilona harakat AQSH-Rossiya uchrashuvi misolida Yevropa Ittifoqi-Rossiya sammitini boshlashdir.
Shuningdek, u o‘z posti yakunida tinchlikka imkon berilishi kerakligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish o‘rniga, Rossiya va YeI o‘rtasidagi bufer davlatga aylanishni taklif qilgandi.
Dilbar Shoakromova
Live
Barchasi