Orban Ukrainaga bufer davlat bo‘lishni taklif qildi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish o‘rniga, Rossiya va YeI o‘rtasidagi bufer davlatga aylanishni taklif qildi. Bu haqda Orban “Telex” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina YeIga qo‘shilsa, u holda urush Yevropa hududlariga ham tarqalishi mumkin, bu esa Vengriya uchun ham xavfli sanaladi. 

“Agar Ukraina YeIga a’zo bo‘lsa, urush bevosita bizga yetadi. Bu taktik emas, balki mavjudlik masalasi”, degan Orban.

U Ukraina dushman emasligi, ammo YeIga to‘liq a’zolik o‘rniga shartnoma asosidagi hamkorlik munosabatlari orqali bufer davlat sifatida qolishi xavfsizroq yechim ekanini ta’kidlagan. 

Orbanning ta’kidlashicha, Vengriya Sovet Ittifoqi davrida uning g‘arbiy chegarasida joylashgan va bunday mavqeni yana qayta boshidan kechirishni istamaydi.

“Biz bunday taqdirni qabul qilmoqchi emasmiz”, degan Bosh vazir. 

Shuningdek, Orban Ukrainaga bir yil oldinoq Rossiya bilan ko‘proq manfaatli shartlarda otashkesimga kelishishni maslahat bergani, ammo Kiyev buni rad etgani uchun bugungi kunda “katta to‘lov” to‘layotganini bildirgan. 

Vengriya Ukrainaga YeI yordamini berish va uni ittifoqqa qo‘shishga qarshi chiqib kelmoqda. Joriy yilda Vengriyada Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha referendum o‘tkazildi va unda qatnashganlarning 95 foizi qarshi ovoz berdi.

Bundan tashqari, Vengriya Ukraina a’zoligining iqtisodiy oqibatlari haqida ham ogohlantirmoqda. Masalan, Bosh vazir maslahatchisi Balash Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina YeIga to‘liq integratsiyalansa, buning xarajati 2,5 trln yevroga yetib, bugungi YeI byudjetiga nisbatan 12 baravar ko‘p bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, bufer davlat – bu yirik yoki dushmanlashayotgan davlatlar o‘rtasida joylashgan mamlakat bo‘lib, u geosiyosiy jihatdan oraliq zona vazifasini bajaradi. Bunday davlatning vazifasi – ikki kuchli tomon o‘rtasidagi to‘qnashuv yoki urush ehtimolini kamaytirish, ziddiyatlarning oldini olish. U odatda hech bir tomon bilan kuchli ittifoq tuzmaydi, neytral bo‘lishga harakat qiladi va o‘z mustaqilligini saqlashga intiladi. Masalan, Finlyandiya Sovuq urush davrida SSSR bilan G‘arb o‘rtasida bufer davlat bo‘lgan. Viktor Orbanning fikricha esa, Ukraina Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida shunday rolni bajarsa, bu urush xavfini kamaytiradi. 

Eslatib ўтамиз, avvalroq Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvga va ertasi kuni Uchinchi jahon urushiga olib kelishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Viktor Orban

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing