Vengriya Ukrainaga kredit berilishiga to‘sqinlik qilmoqda
Olam
−
09 Oktabr
5038Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga 35 milliard yevro miqdorida kredit berish imkoniyatini shubha ostiga qo‘ydi. Bu haqda kecha, 8 oktyabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.
Ukrainaga kredit G‘arb moliya institutlari hisoblaridagi muzlatilgan Rossiya aktivlari bo‘yicha foizlar bilan ta’minlanishi kerak edi. Ammo har qanday Yevropa Ittifoqi davlatining pozitsiyasi tufayli muzlatish xavfi ushbu loyihaga tahdid solishi mumkin. Vengriya Moliya vaziri Mixali Varga mamlakat pozitsiyasini AQSHdagi prezidentlik saylovlari natijalarini kutish istagi bilan izohladi.
“Rossiyaga sanksiyalarni uzaytirish AQSH saylovlaridan keyin hal qilinishi kerak, deb hisoblaymiz. Biz bo‘lajak AQSH ma’muriyati bu masalada qaysi yo‘nalishda borishini ko‘rishimiz kerak”, dedi Varga Lyuksemburgdagi vazirlar uchrashuvi yakunida.
Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlari Rossiya aktivlarini muzlatish muddatini uzaytirish va Ukrainaga kredit berishni qo‘llab-quvvatladi. Yevropa komissari Paolo Jentiloni buni “soxta tarzda bir ovozdan qo‘llab-quvvatlash” deb atadi.
Vengriya Bosh vazirining siyosiy maslahatchisi Balaj Orban avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2022 yil fevralida Rossiya bilan to‘qnash kelishga qaror qilib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganini aytdi. Shu munosabat bilan Orban 1956 yilda Vengriyadagi voqealarni esladi, o‘shanda 23 oktyabrda vengerlar mamlakatning sotsialistik hokimiyatiga qarshilik ko‘rsatgan va 12 kundan keyin qo‘zg‘olon Sovet armiyasi tomonidan bostirilgan.
“1956 yilni hisobga olsak, biz 2,5 yil avval Prezident Zelenskiy qilgan ishni qilmagan bo‘lardik, chunki bu mas’uliyatsizlik: u o‘z mamlakatini mudofaa urushiga tortdi, shuncha odam halok bo‘ldi, katta hudud yo‘qoldi”, degan maslahatchi.
Viktor Orbanning o‘zi 2023 yil yozda Vengriyaning amaldagi hukumati hech qachon Rossiya bilan urushmasligini va Ukrainadagi mojaroga tortilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan edi. Avvalroq u Yevropa Ittifoqi va boshqa YeI davlatlari rahbariyati Vengriyani Ukrainadagi mojaroga tortishga urinayotganini, uni Kiyevga qurol yetkazib berishni boshlashga chaqirayotganini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya NATOning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga to‘sqinlik qilmaslikka rozi bo‘lgandi. Alyansning sobiq bosh kotibi Stoltenberg Vengriya NATO rejalarida ishtirok etmasligini tasdiqladi va bu pozitsiyani to‘g‘ri qabul qilishini aytdi.
LiveBarchasi