Vengriya parlamenti Shvetsiyaning NATOga kirishini ma’qulladi

Olam

image

Vengriya parlamenti kecha, 26 fevral kuni Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ma’qulladi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.

Ushbu qarorni 188 nafar deputat yoqlab, olti nafari esa qarshi ovoz berdi.

Bu masala bo‘yicha ovoz berishni uzoq vaqt kechiktirgan Turkiya parlamenti yanvar oyida Shvetsiyaning taklifini ma’qullaganidan so‘ng, Vengriya Shvetsiyaning ittifoqqa kirish yo‘lidagi so‘nggi to‘siq bo‘lib qolgandi.

"Shvetsiyaning NATOga kirishi Vengriya xavfsizligini mustahkamlaydi, shuning uchun men sizni ushbu arizani ma’qullashingizni so‘rayman", degan Bosh vazir Viktor Orban parlamentning bahorgi sessiyasining ochilishida.

Vengriya parlamentidagi ovoz berishdan so‘ng Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson buni o‘z mamlakati uchun tarixiy kun deb atadi.

“Bugun tarixiy kun. NATOga a’zo barcha davlatlarning parlamentlari Shvetsiyaning alyansga a’zo bo‘lishi uchun ovoz berdi. Shvetsiya Yevro-Atlantika xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor”, deb yozdi Kristersson X’dagi sahifasida.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Stokgolmni alyansga qo‘shilayotgani bilan tabrikladi. 

“Men Vengriya parlamentining Shvetsiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilish bo‘yicha ovoz berishini olqishlayman. Endi barcha ittifoqchilar qarorni ma’qullaganidan so‘ng, Shvetsiya NATOning 32-ittifoqchisiga aylanadi. Shvetsiyaning a’zoligi barchamizni yanada kuchliroq va xavfsizroq qiladi”, deydi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ma’lumot uchun, 2022 yil bahorida Shvetsiya va Finlyandiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 2022 yil iyun oyida Madrid memorandumining imzolanishiga olib keldi, bu Shimoliy Yevropa mamlakatlarini alyansga qabul qilish jarayoni uchun yo‘l xaritasini taqdim etdi. Dastlab Shvetsiya va Finlyandiya bir vaqtning o‘zida NATOga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi, ammo Shvetsiyaning Turkiya va Vengriya bilan bo‘lgan qiyinchiliklari tufayli Finlyandiya 2023 yil 4 aprelda blokka mustaqil ravishda qo‘shildi.

2024 yilning yanvarida Turkiya Shvetsiyaning ittifoqqa kirishini ma’qulladi. Vengriya Stokgolm arizasini ratifikatsiya qilmagan oxirgi davlat edi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Shvetsiya Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing