Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 4,5 mingga yetdi

Olam

image

Venesuelada sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni qariyb 4,5 ming kishiga yetdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tabiiy ofat sabab 19 mingdan ortiq aholi vaqtinchalik lagerlarga joylashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarda qurbonlar soni 4490 nafarni tashkil etgani, yana 16 ming 740 kishi jarohat olgani qayd etilgan. Hozircha bedarak yo‘qolganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumot berilmagan.

Ma’lum qilinishicha, 24 iyun kuni Karakas va La-Guayra qirg‘oq hududida 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar oqibatida ko‘plab ko‘p qavatli binolar vayron bo‘lib, minglab odamlar uy-joysiz qolgan.

Hozirda La-Guayra va Karakas shaharlaridagi stadionlar, maydonlar hamda ochiq hududlarda vaqtinchalik lagerlar tashkil etilgan. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, ushbu joylarda 19 ming 583 kishi yashamoqda.

Venesuela hukumati yaqin kunlarda zilziladan avval qurilishi boshlangan ayrim uylarni aholiga topshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, yangi uylar qurish, ijara xarajatlarini qoplash va uy-joy sotib olish uchun kreditlar ajratish bo‘yicha katta mablag‘ talab etilishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, mamlakatga xorijdan ham yordam yetib kelmoqda. Rossiyadan insonparvarlik yuki yuborilgani, AQSH elchixonasi esa jabrlangan hududlarga 100 mingta yordam to‘plami yetkazilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni Venesuela poytaxti Karakasda 3 magnitudali yana bir zilzila qayd etilgan edi. Shuningdek, joriy yilning 24 iyun kuni ketma-ket sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 4 mingdan oshgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing