Venesuelada zilzila qurbonlari soni qariyb 1500 nafarga yetdi
Olam
−
29 iyun 1341 2 daqiqa
Venesuelada hafta o‘rtasida sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni qariyb 1500 nafarga yetdi. Bu haqda “Reuters” bugun, 29 iyun kuni xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, 24 iyun kuni yuz bergan ikki kuchli zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan La-Guayra shtatiga xorijiy qutqaruv guruhlari yetib borgan. Uzoq yillardan buyon siyosiy va iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan mamlakatda o‘nlab binolar qum va vayronalarga aylanib ketgan. Vaqtinchalik Prezident Delsi Rodriges qutqaruv ishlari to‘xtatilmasligini ma’lum qilgan.
“Qutqaruv va tiklash ishlari davom etmoqda. Bugun ham tirik qolgan odamlar qutqarildi. Shuning uchun operatsiyalar to‘xtatilmaydi. Biz har doim umidni saqlab qolamiz”, degan u.
Rodriges, shuningdek, binolarning yashash uchun yaroqliligini baholaydigan prezident komissiyasi tashkil etilganini bildirgan. Uning aytishicha, maktablarda darslar yana bir haftaga to‘xtatilgan, La-Guayrada esa elektr ta’minotining 75 foizi qayta tiklangan.
Milliy assambleya prezidenti Xorxe Rodrigesning ma’lum qilishicha, 28 iyun kuni qurbonlar soni yana 20 nafarga oshib, 1450 nafarga yetgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3150 nafar kishi jarohat olgan, 12 721 nafar aholi boshpanasiz qolgan, 774 ta bino esa qulab tushgan.
“Biz hayotlarni saqlab qolish va uyidan ayrilgan odamlar uchun vaqtinchalik lagerlar tashkil etish borasida hal qiluvchi bosqichdamiz”, degan u.
Qayd etilishicha, xorijdan 2600 nafardan ziyod qutqaruvchi kelguniga qadar mahalliy aholi va ko‘ngillilar bir necha kun davomida vayronalar orasidan tirik qolganlar va halok bo‘lganlarni qidirgan. Ular og‘ir texnikaning yetishmasligi hamda rasmiy xizmatlarning cheklangan ishtirokidan shikoyat qilgan.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, hafta oxiriga qadar kamida 33 nafar odam, jumladan bir nechta bola tirik holda qutqarilgan. Biroq o‘n minglab odamlarning taqdiri hanuz noma’lum. Muxolifat qo‘llab-quvvatlayotgan maxsus internet platformasida 28 iyun kuni qariyb 50 ming kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qayd etilgan. Bir kun avval bu ko‘rsatkich 55 ming nafarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 1 ming 400 nafarga yetgani, 3 mingdan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi