Venesuelada neft qazib olishni tiklash uchun 10 yil kerak – “Bloomberg”

Olam

image

Venesuelada 1970 yillardagidek hajmda neft ishlab chiqarish uchun infratuzilmani tiklash Amerika kompaniyalardan 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ va taxminan 10 yil vaqtni talab qiladi. Bu haqda Rays universiteti Beyker Davlat siyosati institutining Lotin Amerikasi energetika siyosati bo‘yicha direktori Fransisko Monaldiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

“Venesuelada neft ishlab chiqarishni 1970 yillardagi cho‘qqi ko‘rsatkichga qaytarish uchun yetarli darajada infratuzilmani tiklash Chevron Corp., Exxon Mobil Corp. va ConocoPhillips kabi kompaniyalardan keyingi o‘n yil davomida har yili taxminan 10 milliard dollar sarmoya talab qiladi”, deydi Fransisko Monaldi.

Nashrga ko‘ra, hozirda Venesuelada kuniga taxminan 1 million barrel neft qazib olinmoqda. Bu ko‘rsatkich 1974 yilda deyarli 4 million barrel bo‘lgan.

“Tezroq tiklash uchun yanada katta sarmoya kerak bo‘ladi”, deydi ekspert.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda, yaqin vaqt ichida ular AQSH sudida javob beradi.

Hozirda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular allaqachon Bruklindagi (Nyu-York) tergov izolyatoriga yetkazilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Venesuelada o‘tkazgan operatsiyasi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela neft' Amerika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing