Venesuelada qurbonlar 2,5 mingdan oshdi
Olam
−
10:54 642 2 daqiqa
Venesuelada 24 iyun kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 2 500 dan oshdi. Ayni paytda minglab odamlarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar qildi.
Mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges hukumatning tabiiy ofatga qarshi ko‘rgan choralari yuzasidan bildirilayotgan tanqidlarga munosabat bildirib, qutqaruv ishlari sust olib borilgani haqidagi ayblovlarni rad etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat barcha zarur kuch va vositalarni zilziladan so‘ng darhol safarbar qilgan.
“Biz bir yoki ikki kun kutganimiz yo‘q. Qutqaruv ishlari zudlik bilan boshlandi”, deydi Rodriges.
Venesuelada magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ketma-ket ikkita zilzila sodir bo‘lgandi. Tabiiy ofat, ayniqsa, La Guayra shtatida katta talafot keltirgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 200 ta bino vayron bo‘lgan, biroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari zarar ko‘lami bundan ham kengroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni avval 2 295 nafar etib e’lon qilingan bo‘lsa, qutqaruv guruhlari keyinchalik bu ko‘rsatkich 2 600 nafarga yaqinlashganini bildirgan. Shu bilan birga, muxolifat manbalari 38 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgani haqida xabar bermoqda.
Qidiruv-qutqaruv ishlari to‘qqizinchi kuniga kelib yakunlanish arafasida. 27 davlatdan kelgan mutaxassislar vayronalar ostida omon qolganlarni izlashda ishtirok etgan. Biroq qidiruv itlari va maxsus uskunalar yordamida o‘tkazilgan so‘nggi tekshiruvlarda tiriklik alomatlari aniqlanmagach, asosiy e’tibor halok bo‘lganlarning jasadlarini topishga qaratilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qurbonlar sonining ko‘pligi sababli sud-tibbiyot xizmatlari va o‘likxonalar imkoniyatlari yetishmayapti. Ayrim hududlarda jasadlar vaqtinchalik muzlatkichli konteynerlarda saqlanmoqda. Ekspertlar barcha jasadlarni aniqlash va yig‘ib olish bir necha oy davom etishi mumkinligini bildirgan.
Shuningdek, dafn marosimlari xarajatlarining yuqoriligi ham tabiiy ofatdan jabrlangan oilalar uchun qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirmoqda. Hukumat va mahalliy hokimiyatlar ularga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelaning La Guayra shahrida kuchli zilzilalardan sakkiz kun o‘tib, qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolgan bir erkakni tirik olib chiqqandi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi